Nomi koreys tilidan “oyoq va qo‘llarning harakat yo‘li” deb tarjima qilinadigan taekvondo Guljanoy Naimova uchun sportning shunchaki zarba berish va himoyalanishdan iborat turi emas, balki kuchli bo‘lishni, yiqilganda tushkunlikka tushmay, kelasi safar g‘alaba qozonish uchun yanada yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rish zarurligini o‘rgatgan bir san’at hamdir. Bu falsafani yaxshi anglagan sportchi to‘rt yildan so‘ng Los-Anjelesda bo‘lajak Paralimpiadada Tokio-2021 O‘yinlaridagi muvaffaqiyatini takrorlashga ahd qilgan. Sababi — Parijda finaldagi jarohat unga “oltin”ni olishga xalal berdi.

“Iroda” — sinovlarga boy hayoti haqida aytar so‘zi bor, ammo o‘zi haqida gap ketganida, birinchi galda, boshqalardan farqli jihatlariga emas, balki qobiliyatu salohiyatiga e’tibor qaratilishini istovchi vatandoshlarning kechmishlari hikoya qilinadigan loyiha. Unda o‘z hikoyasi bilan bo‘lishmoqchi bo‘lganlar Telegram’da @Iroda_loyihaBot orqali bog‘lanishi mumkin.

Hammasi gimnastikadan boshlangan edi

Foto: Guljanoy Naimovaning shaxsiy arxividanFoto: Guljanoy Naimovaning shaxsiy arxividan
Surxon qizi Guljanoy 2001-yili dunyoga kelgan. Uning Hasan-Husan akalari bor. Kichikligida sho‘x va o‘jar, shu bilan birga tortinchoq bo‘lgan qahramonimiz bolaligining aksariyat qismi sihatgohlarda davolanish bilan o‘tgan. Guljanoy orqa miyadan chiqadigan nerv shoxlarining yallig‘lanishi bilan namoyon bo‘ladigan kasallik — (chap qo‘lida) tug‘ma pleksit bilan dunyoga kelgan.

“Bolaligimizda “Pobeda” (“G‘alaba”) degan o‘yin bo‘lardi. Unda raqamlar yozib chiqilgan karton qog‘ozlarning orqa tarafini epchillik bilan o‘girish talab qilinardi — karton qog‘ozlarni ikki qo‘l bilan ochish kerakligi uchun men o‘ynolmacdim, keyin kechasi bilan yig‘lab chiqardim. Lekin ulg‘ayib o‘yinlarda emas, balki umuman hayotda g‘alaba qozonish muhimligi, dunyoni bir qo‘l bilan ham zabt etish mumkinligini angladim, — deydi u.

Uni chet tillarini yaxshi o‘rgansin deb Uzundagi ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan 3 maktabiga o‘qishga berishgan bo‘lsa-da, Guljanoyning o‘ziga tildan ko‘ra sport jozibaliroq ham qiziqroq ko‘ringan. Har qanday bola atrofidagilarga taqlid qiladi, ergashadi. Guljanoy ham sinfdosh dugonasiga qiziqib, gimnastika to‘garagiga borgan.

“O‘sha vaqt yoshimga nisbatan gavdaliroq bo‘lganim uchun gimnastika murabbiyi bu sport turiga to‘g‘ri kelmasligimni aytgan. Murabbiy bilan kelisholmay, uyga qaytmoqchi bo‘lib, maktab hovlisida aylanib yurganimda ko‘zim taekvondo bilan shug‘ullanayotgan bir zal bolaga tushib qolgan”, — eslaydi u.

Havas bilan termulib turgan qizchani ko‘rgan murabbiy — Ahmad aka unga mashg‘ulotlarni ichkarida tomosha qilishni taklif etgan. Shug‘ullanayotgan bolalar orasida bo‘lgan Husan akasi esa: “Bu yerda nima qilib yuribsan, nega kirding?”, qabilida yovqarash qilgan. Guljanoy buni ko‘rmaganlikka olib, tomoshada davom etgan. Chunki o‘sha lahzalarda unga akasining “ma’noli nigohi”dan ko‘ra turnaqator tizilib mashq qilayotgan bolalarning oppoq formasiyu belbog‘i, o‘zaro hurmat aks etgan xatti-harakatlari qiziqroq edi.

“Uyga borgach, men ham taekvondoga qatnashimni aytganman. Uydagilar, tabiiyki, bunga rozi bo‘lmadi. Yo‘q, bu qaror „taekvondo qizlarga to‘g‘ri kelmaydi“ degan stereotip bilan bog‘liq emasdi — uydagilar salomatligimdan, qo‘liga kuchli zarba tegsa nima bo‘ladi, deb tashvishlanishgan. Husan akam „Bormaysan, senga to‘g‘ri kelmaydi“, degan. Mendan boshqasi bo‘lsa, balki, bu gapga xafa bo‘lardi. Ammo men „baribir boraman“, deb oyoq tirab turib olganman”, — deydi u.

O‘shanda Guljanoy 11 yoshda edi. Uyidagilar uning ustidan qulflab, borish vaqtini bilmay qolsin, deb soatlarni yashirib ketganida ham u mashg‘ulotlarni qoldirmagan. Taekvondo bilan shug‘ullanishni undan oldin boshlagan akalari sportni tashlab ketganida ham, u fikridan qaytmagan. Negaki, undagi shunchaki sport bilan shug‘ullanish ishtiyoqiga endi jahon chempioni bo‘lish orzusi ham qo‘shilgan edi.

“Bolaligimda negadir bu sportda eng katta yutuq jahon chempioni bo‘lish deb o‘ylardim. Keyin adashganimni, Olimpiada va Paralimpiada chempioni bo‘lish undan-da kattaroq muvaffaqiyatligini tushunib yetdim. Sportni tashlab qo‘ymasang, nafaqat jismoniy holating yaxshilanishi, balki chempion ham bo‘lishing mumkin ekan”, — deydi u.

Uning sportga intilishi va qiziqishi jiddiyligini ko‘rgan oila a’zolari oxiri unga tan beradi, “borsang boraver” deb qo‘yishadi. Ammo o‘shanda oila a’zolari, xususan, onasi Go‘zal opa bir kun kelib Guljanoyning chempion bo‘lishi, sport shohsupalariga ko‘tarilishini xayoliga ham keltirgan emas. Ayni vaqtda, sportchi qizning muvaffaqiyatlarida asli kasbi o‘qituvchi, lekin qiyinchilik vaqtida qo‘shimcha ishlardan ham qochmagan onaning o‘rni va mehnati beqiyos.

“Har bir oilada turli vaziyat bo‘lgani singari, orada ota-onam ham kelisholmay qolgan. Ular ajrashgan, biz onam bilan qolganmiz. Onam endi ishdan bo‘shagan, biz uchun ham oson bo‘lmagan. Og‘ir mehnat bilan boqib, voyaga yetkazgani uchun ham onamdan juda minnatdorman. O‘shanda biz ham akalarim bilan birga qo‘limizdan kelganini qilganmiz. Kichik akam non sotgan, men bo‘lsa yemakxonaga salat tayyorlab topshirardim. Katta akam esa o‘qirdi, uni o‘qitish, onamga yordam berish uchun hammamiz bir jamoa bo‘lib ishlaganmiz”, — deb eslaydi u.

Parataekvondo

Foto: Guljanoy Naimovaning shaxsiy арҳивиdanFoto: Guljanoy Naimovaning shaxsiy арҳивиdanUйda nima gap, qanday ahvol bo‘lishidan qat’i nazar, Guljanoy sportni tashlab qo‘ymagan. Aksincha, asta-sekin viloyat miqyosidagi musobaqalarda qatnasha boshlagan. Taekvondo bilan shug‘ullana boshlaganiga 6 yil to‘lishi arafasi, respublika chempionatlariga chiqish oldidan, Ahmad aka unga parataekvondoga o‘tishni tavsiya qilgan.

“Murabbiyim: „Toshkentda Bobur Qo‘ziyev degan odam bor, oldiga borib, saralashidan o‘tib ko‘raylik. Standartlariga to‘g‘ri kelsang, sen kabi sportchilar bilan alohida shug‘ullanishadi, qiynalmaysan“, degan. Poytaxtga bordik, vaznim, bo‘yimni o‘lchashdi va xalqaro talablarga mos ekanimni aytishdi. Sinov tariqasida Koreyadagi Osiyo chempionatiga ham olib borishdi”, — deb hikoya qiladi u.

O‘sha musobaqadan so‘ng Guljanoy juda xafa, ammo murabbiylari o‘zida yo‘q xursand edi: hali O‘zbekiston miqyosidagi musobaqalarda ham tuzuk-quruq qatnashib ulgurmagan va Osiyo chempionatiga imkoniyatlarini shunchaki ko‘zdan kechirish uchun olib ketilgan surxondaryolik qiz musobaqa finaliga qadar yetib borib, dunyo reytingida 1 o‘rinda turadigan raqibgagina mag‘lub bo‘lgan va uyga kumush medal bilan qaytgandi.

Uning xalqaro musobaqalardagi muvaffaqiyatli yurishi shu tariqa boshlangan. 2017-yili Londonda o‘tgan jahon chempionatida, jarohati borligi tufayli, kumush medal bilan ovunishga majbur bo‘ladi. Keyinroq Vetnamda o‘tgan musobaqada Osiyo chempioni bo‘ladi. Bu muvaffaqiyatlar uni Paralimpiadaga olib borishi mumkinligini u, dastlab, xayoliga ham keltirmagan. Chunki 2020-yilgacha parataekvondo eng oliy sport forumi dasturida yo‘q edi.

Ammo aynan Vetnamdagi muvaffaqiyatdan ko‘p o‘tmay: “Sizni rasman Tokio Paralimpiya o‘yinlarida qatnashishga taklif qilamiz”, degan mazmunida litsenziya xati keladi. Parataekvondo uchun tarixiy hisoblangan 2021-yilgi Tokio Paralimpiya o‘yinlarida Guljanoy ilk urinishdayoq O‘zbekistonga oltin medal bilan qaytib, millat iftixoriga aylanadi.Foto: Guljanoy Naimovaning shaxsiy arxividanFoto: Guljanoy Naimovaning shaxsiy arxividanParalimpiadadaги muvaffaqiyat ortidan kelgan mukofotlar, sovg‘alar, unvonlar o‘z yo‘liga — Tokio “oltini” uning boshqa bir orzusini ham ro‘yobga chiqargan. Maktabni bitirib, Pedagogika kollejida bir yil o‘qigan Guljanoy jahon chempionatida sovrindor bo‘lgach o‘qishni Termiz Olimpiya zaxiralari kollejida davom ettirgan. Kollejni bitirgach, Milliy universitetga o‘qishga hujjat topshirgan, ammo kirolmagan.

“O‘shanda juda xafa bo‘lgandim, keyin bilsam har ishda xayr bor ekan. Bir yildan so‘ng Tokio Paralimpiadasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziyani qo‘lga kiritdim va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilindim. Hozir bakalavrni tamomladim ham. Navbatdagi manzil — magistratura”, — deydi u.

Mashg‘ulotlar

Foto: Guljanoy Naimovaning shaxsiy arxividanFoto: Guljanoy Naimovaning shaxsiy arxividanGuljanoy musobaqalarga borini bag‘ishlab tayyorgarlik ko‘radi. Chempionatlar arafasida uyiga borishdan, yaqinlari bilan ko‘rishishdan, o‘rtoqlaridan kechib, bor e’tiborini musobaqaga qaratadi va bu jarayon ba’zida 5−6 oyni qamrab oladi. Kuchli raqiblar doim ko‘p bo‘lsa-da, u 1 foizlik omad va 99 foizlik mehnat bilan kutilgan natijaga erishish mumkin deb hisoblaydi.

Tayyorgarlik faqat jismonan emas, balki psixologik va aqlan ham olib boriladi. Janglarning videoyozuvlari orqali raqibning texnikasi, ustun jihatlari va kamchiliklari o‘rganiladi, shunga qarab qaysi usul qo‘l kelishi haqida bosh qotiriladi, sportchi o‘zini ruhan jangga tayyorlaydi. Raqib kuchli bo‘lishi mumkinligi inobatga olinib, mashg‘ulotlar vaqti hatto yigitlar bilan ham sparring bahslar o‘tkaziladi.

Guljanoy ustuvorlikni mashg‘ulotlariga bergani holda har kunlik ishlarini bafurja rejalashtirib chiqadi. Uyqu, badantarbiya, ovqatlanish va mashg‘ulotlardagi har bir daqiqaning hisobi bor — bir daqiqa ko‘p ham, kam ham emas.

Tong yarim soat davom etuvchi chigalyozdi bilan qarshilanadi. Yana shuncha vaqt davomida nonushta qilingach, xonasiga kirib, biroz dam oladi yoki kitob o‘qiydi. Bir soatdan keyin mashg‘ulotlar boshlanadi. Murabbiy nazorati ostidagi ikki yarim soatlik mashqlardan so‘ng Guljanoy zalda o‘zi qolib, yana yarim soatcha o‘zi mustaqil shug‘ullanadi. Step (Oyoqlar chigalini yozish, tezlikni jadallashtirishga qaratilgan harakat — u bir joyda, oldinga yoki orqaga chaqqonlik bilan qadam tashlash orqali amalga oshiriladi), tezlik, qolaversa, kamchiliklari va bir tomonlama himoyani yaxshilash ustida ishlaydi.

“Chap qo‘limda harakat sust — raqibning zarbasini o‘tkazib yubormaslik uchun asosan o‘ng tomon, o‘ng qo‘l bilan himoyani yaxshilash ustida ishlayman. Shug‘ullanaverib o‘rganib ham qolganman, bir tomonlama himoya hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi”, — deydi u.

U odatda zaldan kech, hammadan keyin chiqadi. Mashg‘ulotlarda shunchalik charchaydiki, ba’zida tushlikka tushishga ham erinadi. Tushlikdan so‘ng 3−4 soat yaxshilab uxlab, kunning ikkinchi qismidagi mashg‘ulot uchun tiklanib oladi, kuch yig‘adi.

Ikkinchi mashg‘ulot soat 17:00 da boshlanadi va u ham ikki yarim soat davom etadi. Bu safargisida mustaqil tayyorlanish uchun zalda qolmaydi. Katta chempionatlar arafasi bundan mustasno — Paralimpiya, jahon chempionati yoki Osiyo o‘yinlari oldidan, kechki ovqatga tushmay bo‘lsa ham, qo‘shimcha bir soat yoki kechki ovqatdan keyin zalga qaytib, kechki soat 1−2 gacha qolib tayyorlanadigan vaqtlari ham bo‘ladi. Mashg‘ulotlar nihoyasiga yetgach, xonasiga chiqib kirlarini yuvishi, xonasini yig‘ishtirishi, qizlar bilan gaplashib o‘tirishi mumkin, ba’zida esa aksincha — bularning hech biriga vaqti ham, holi ham bo‘lmaydi.

Guljanoy murabbiyi Bobur Qo‘ziyev bilan. Foto: Baxtiyor Toshtemirov/Milliy Paralimpiya qo‘mitasiGuljanoy murabbiyi Bobur Qo‘ziyev bilan. Foto: Baxtiyor Toshtemirov/Milliy Paralimpiya qo‘mitasi

Ko‘p mehnat va o‘z ustida tinimsiz ishlash natija bermay qolmaydi. Uning aytishicha, tayyorgarlik vaqti murabbiylar ham sportchilar bilan tengma-teng ter to‘kishini unutmaslik lozim. “Har bir erishayotgan yutug‘imizda terma jamoaning bosh murabbiyi Bobur Qo‘ziyev va boshqa murabbiylarning mehnati borligini e’tirof etish kerak”, — deydi u.

Tayyorgarlik jarayonida vaznni doimiy nazorat qilish ham muhim. Vaznni bir maromda saqlash kuch va iroda talab etadi. Yo‘qsa sportchining o‘ziga qiyin. Masalan, Tokiodagi O‘yinlardan keyin kechalari ovqat buyurtma qilishga odatlangan Guljanoy buning salbiy oqibatlarini o‘z tanida yaxshi his qilgani uchun hozir yog‘li ovqatlar tiyiladi. Kunlik ovqatlanishdan ortib yana ochlikni his qilgudek bo‘lsa, mevalar bilan qorin to‘ydiradi.

“Bizning vazn og‘ir bo‘lgani uchun raqibning zarbasi ham kuchli bo‘ladi va shuning hisobiga og‘riqlar musobaqa tugaganidan keyin ham davom etaverishi mumkin. Menda ham shunday bo‘lgan, Eron va Saudiya Arabistonidagi musobaqalarda oyog‘imdan qattiq jarohat olganman. Sportda bu odatiy hol bo‘lgani uchun tushkunlikka tushmayman, shifokorlarning ko‘rsatmasi bilan ish tutishga harakat qilaman. Mutaxassislar odatda jarohatdan so‘ng bir oylab dam olish, tiklanguncha kutishni tavsiya qiladi. Lekin men qaysarligim tufayli kutmay, mashg‘ulotlarni ertaroq boshlayman. Davolanish muolajalarini ham mashg‘ulotlar bilan tengma-teng olib boraman”, — deydi u.

Parij

Foto: Baxtiyor Toshtemirov/Milliy Paralimpiya qo‘mitasi Foto: Baxtiyor Toshtemirov/Milliy Paralimpiya qo‘mitasi

Guljanoy uchun 2024-yilgi Parij Paralimpiadasidagi eng yodda qolarli, shu bilan birga alamli voqea — o‘zining final bahsi bo‘ldi. Chunki u raqibining taqiqlangan — jag‘ qismiga berilgan zarbasi (parataekvondo qodalariga ko‘ra bosh qismiga zarba berish mumkin emas) tufayli jangni oxiriga yetkazolmadi, uni maydondan zambilda olib chiqib ketishdi. Chiqishdan avval raqibga nisbatan o‘zida ustunlik his qilgan, o‘ziga ishonchi yuqori bo‘lgan suhbatdoshimiz bosh qismidan jarohat olgani tufayli o‘rnidan turib ketolmagani, jangni oxiriga yetkazolmaganini ta’kidladi.

“Kichkinaligimda o‘tkazib yuborgan zarbam tufayli jag‘im bir marta kirib-chiqqan edi, finalda ham shu holat ozgina takrorlanib, boshim aylandi. Aslida g‘alaba menga berilishi kerak bo‘lgan joyda, oltin medal hakamlar tomonidan britaniyalik sportchiga berib yuborildi va shu bois ichimda juda katta alam qolib ketdi”, — deydi u.

Foto: Baxtiyor Toshtemirov/Milliy Paralimpiya qo‘mitasiFoto: Baxtiyor Toshtemirov/Milliy Paralimpiya qo‘mitasi

G‘alaba kimga — o‘ziga berildimi yoki raqibiga, bilmay chiqib ketgan payti uning ichida g‘alayon bo‘lgan. Chunki butun O‘zbekiston, murabbiylari uning yutug‘ini kutayotganini yaxshi bilardi. Jangdan keyin bergan intervyulari, videochiqishlarida “ishonchni oqlolmadim” qabilidagi fikrni ko‘p bildirgani ham shundandir, ehtimol.

“Bahsni oxirigacha tugatolmaganim alamidan ichkariga kirganimizda Milliy Paralimpiya qo‘mitamiz raisi Muxtor aka Toshxo‘jayevga “meni shohsupaga olib chiqinglar”, deb aytdim. Jag‘ qismimdan jarohat olganim uchun: “Ishonching komilmi, yura olasanmi, boshing aylanmayaptimi?”, deb qayta-qayta so‘rab, qo‘limdan ushlab shohsupagacha olib borishdi. “Kumush”ni olganimda tabassum qilolmadim va alamimni yashirolmadim ham, ko‘z yoshlarimni ham tiyolmadim. O‘sha payt men uchun ruhan og‘ir kechdi. Uch kun stressda yurdim. Atrofimdagilar, do‘stlarim va internetdagi qo‘llab-quvvatlashlar tufayli o‘zimni qo‘lga oldim. Hozir hammasi yaxshi. G‘alaba menga berilishi kerak bo‘lgan joyda qo‘lga kiritganim kumush medal, onam ta’biri bilan aytganda, oltinga teng”, — deydi u.

Guljanoyning so‘zlariga ko‘ra, oltin va kumush medal olgandagi hislar bir-biridan farq qiladi. Oltin medalni qo‘lga kiritganingda yelkadan xuddi tog‘ ag‘darilgandek his bo‘lsa, bu safar go‘yo o‘sha tog‘ qolib ketganu, uning ustiga yana bir boshqa — 2028-yili Los-Anjelesda bo‘ladigan O‘yinlarda “kumush”ni qaytadan “oltin”ga aylantirish yuki qo‘shilgandek.

Foto: Guljanoy Naimovaning shaxsiy arxividanFoto: Guljanoy Naimovaning shaxsiy arxividan

Mag‘lubiyat insonni maydonga yanada kuchli bo‘lib qaytishiga yordam berishini tushunib yetgan Guljanoyning “har bir inson, sog‘ligi qandayligidan qat’i nazar, baxtli bo‘lish va hayotda o‘z yo‘lini topishga haqli” ekaniga ishonchi komil. Uning eng katta maqsadi — ikki karra paralimpiya chempioni bo‘lish. Buning uchun u ko‘proq mehnat qilish, yanada yaxshiroq shug‘ullanishga tayyor.