10-sentabr kuni AQSh prezidentligiga nomzodlar Kamala Harris va Donald Tramp noyabr oyida ovoz berish oldidan birinchi va, ehtimol, yagona saylovoldi teledebatlarini jonli efirda o‘tkazdi. Bahs-munozaralar saylovga ikki oy qolganda bo‘lib o‘tdi. Debat Filadelfiyadagi Konstitutsiyani o‘rganish milliy markazida bo‘lib o‘tdi va 90 daqiqa davomida ikkita reklama pauzasi bilan davom etdi.

AQSh iqtisodiyoti haqida

Debatning birinchi qismi va ABC News boshlovchisi Devid Myuir tomonidan berilgan birinchi savol iqtisodiyotga bag‘ishlandi. “Amerikaliklar to‘rt yil oldingidan yaxshiroq yashayotganiga ishonasizmi?” — deb so‘radi u.

Harris birinchi bo‘lib javob berdi va uy-joy narxi muammosini hal qilish, yosh oilalar va kichik biznesga yordam berishni va’da qildi.

“Donald Tramp bizni Buyuk depressiya davridan beri eng yomon ishsizlik holatida qoldirdi. Biz (demokratlar) qilgan barcha ish Donald Tramp tomonidan yaratilgan tartibsizlikni bartaraf etishdir”, — dedi Harris.

Uning ta’kidlashicha, u o‘rta sinf oilasida ulg‘aygan va AQShda farzandi bor amerikalik oilalar uchun 6000 dollar va kichik biznes uchun 50 ming dollar miqdorida soliq imtiyozlari evaziga “imkoniyatlar iqtisodiyoti”ni qurishga va’da berdi.

ақшdаги saylovлар, debat, dоналdь трамп, камала harрис

“Boshqa tomondan, mening raqibim ilgari qilgan ishni, ya’ni milliarderlar va yirik korporatsiyalar uchun soliqlarni kamaytirishni rejalashtirmoqda, bu esa Amerika budjeti taqchilligini 5 trillion dollarga oshiradi”, — dedi vitse-prezident.

Harrisning qo‘shimcha qilishicha, Trampning barcha importga 20 foizgacha boj joriy etish tashabbusi oddiy amerikaliklarga kerak bo‘lgan “kundalik talab tovarlari”ga ta’sir qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Trampning iqtisodiy rejasi “to‘laligicha eng boy odamlar uchun soliq imtiyozlariga bag‘ishlangan” va respublikachi “xalq haqida g‘amxo‘rlikdan ko‘ra o‘zini himoya qilishdan ko‘proq manfaatdor”.

Tramp sotuvdan olinadigan soliqlarni joriy etishni rejalashtirmayotganini, boshqa mamlakatlar uchun bojlar joriy etilishini aytdi. “Boshqa davlatlar, nihoyat, 75 yildan keyin biz dunyo uchun qilgan barcha ishlarimiz uchun bizning oldimizda hisob-kitob qiladi. Va ba’zi hollarda tariflar sezilarli bo‘ladi. Xabaringiz bor, men Xitoydan milliard-milliard dollar olganman. Aslida ular (Bayden ma’muriyati — tahr.) bojlarni bekor qilishmadi, chunki bu juda katta pul edi, ular buni qila olishmasdi ham”, — dedi respublikachi.

U bojlarning joriy etilishi amerikaliklarga ta’sir qilmasligiga ishontirdi. “Agar kimdir yuqori narxlarda to‘lashiga to‘g‘ri kelsa, bu Xitoy va bizni yillar davomida o‘margan boshqa davlatlar bo‘ladi”, — dedi Tramp.

Respublikachi, shuningdek, uning iqtisodiyot uchun “ajoyib rejasi” borligini aytdi, shuningdek, Harris Jo Baydenning rejasini ko‘chirgani va hozirgi ma’muriyat davridagi yuqori inflyatsiyaga ishora qildi.

“Loyiha-2025” va “marksist” Harris

Vitse-prezident Donald Trampning yangi muddati qanday bo‘lishi mumkinligi haqida so‘z yurituvchi “Loyiha-2025”ga alohida to‘xtaldi. Demokratlar o‘z dasturlarini ushbu hujjatga qarshi qo‘ymoqda.

“Loyiha-2025” — Heritage Foundation tomonidan tuzilgan navbatdagi respublikachi prezidentning harakatlar rejasi. Bu rejaga prezident hokimiyatining prokuratura va tartibga soluvchi organlar ustidan keskin kuchaytirilishi kiradi. Ushbu reja Trampning ko‘plab sobiq maslahatchilari tomonidan tuzilgan va respublikachi vitse-prezident Jey Di Vens Heritage Foundation rahbarining kitobi uchun kirish so‘zi yozgan. Shunga qaramay, Tramp “Loyiha-2025” tuzuvchilari bilan aloqasini ochiqchasiga rad etadi.

Taxminan ming sahifadan iborat loyiha muallifi Heritage fondi hisoblanadi. Sobiq prezident, garchand hujjatni tayyorlashda uning ittifoqchilari ishtirok etgan bo‘lsa ham, undan masofa saqlashga intildi.

Bahs-munozaralar davomida sobiq prezident “Loyiha-2025”ni o‘qimaganini va o‘qimoqchi emasligini aytib, undan yana voz kechdi.

Nomzodlar bir necha bor bir-birlarini yolg‘onchilikda aybladi. Muhokama avvalida Harris tomoshabinlar Trampdan “bir gala yolg‘on, shikoyat va haqoratlarni” eshitishini aytdi.

Tramp Harrisni “marksist” deb atab, uning faoliyatini otasi, Stenford universitetining sobiq iqtisodchisi ishi bilan bog‘lashga harakat qildi.

ақшdаги saylovлар, debat, dоналdь трамп, камала harрис

“Agar uni bir kunmas-bir kun saylashsa, u hamma narsani o‘zgartiradi. Bu mamlakatimizning tanazzuli bo‘ladi. U marksist, uning marksistligini hamma biladi. Uning otasi iqtisod bo‘yicha marksist-professor, qizini yaxshi o‘qitgan”, — dedi Tramp.

Harris Trampga murojaat qilib, uning fikrlarini izohlar ekan, “sharmandalik” so‘zini bir necha bor ishlatdi.

“Dunyo yetakchilari Donald Tramp ustidan kulmoqda. Men harbiy rahbarlar bilan gaplashdim, ularning ba’zilari siz bilan ishlagan va ular sizni sharmanda deb atashdi”, — dedi Harris sobiq prezidentga o‘girilib.

“Putin sizni tushlikka yeydi”

Debatda, shuningdek, Ukrainadagi urush haqida gap ketdi.

Tramp urush tugashi kerakligini va bunga erishishi mumkinligini aytdi. U bu ishni lavozimga kirishishdan oldin (agar saylovda yutib chiqsa) amalga oshirish niyatida ekanini yana bir bor takrorladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyni yaxshi biladi va ular Tramni hurmat qiladi.

“Ular meni hurmat qilishadi, Baydenni hurmat qilishmaydi. Nima uchun uni hurmat qilish kerak?” — dedi sobiq prezident.

Vitse-prezident bunga javoban Trampga saylovda u Bayden bilan emas, balki Harris bilan kurashayotganini eslatdi.

ақшdаги saylovлар, debat, dоналdь трамп, камала harрис

“NATOdagi ittifoqchilarimiz siz prezident emasligingizdan juda minnatdor. Donalmd Tramp prezident bo‘lganida, Putin hozir Kiyevda o‘tirib, Yevropaning qolgan qismiga, avvalo, Polshaga, ko‘z tikkan bo‘lardi”, — dedi Harris Trampga murojaat qilib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin — “Trampni tushlikka yeb qo‘yadigan diktator”. O‘z navbatida, Tramp Harrisni “tarixdagi eng yomon vitse-prezident” deb atadi va u vitse-prezident sifatida urushning oldini ololmaganini aytdi.

Nomzodlar yana nimalar haqida so‘zladi?

Abortlar: Tramp demokratlarni uchinchi trimestrdagi abortni ham qo‘llab-quvvatlashini qoralab, hattoki ayrim shtatlarda bola tug‘ilganidan keyin ham abort qilishga ruxsat berilishini ta’kidladi. Biroq debat moderatorlari Amerikaning hech qaysi shtatida chaqaloq tug‘ilganidan keyin abort qilinishiga ruxsat beruvchi qonun mavjud emasligini aytdi. Tramp abortni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasiga veto qo‘yadimi, degan savolga javob berar ekan, sobiq prezident bu qonun Kongress tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasligi sababli muhokama qilish ma’nosiz ekanini aytdi. Harris abort qilish uchun konstitutsiyaviy huquqni tiklash tarafdori bo‘lib, shtatlar homiladorlikni to‘xtatishga o‘z cheklovlarini kiritgandan keyin ayollar duch kelgan muammolar haqida gapirdi. Uning aytishicha, Trampning abort sohasidagi siyosati amerikalik ayollar uchun haqoratlidir.

Migratsiya: Migratsiya haqidagi savolga javob berar ekan, Tramp so‘nggi kunlarda tarqatilayotgan fitna nazariyasini takrorladi — go‘yoki AQShdagi muhojirlar uy hayvonlarini iste’mol qilmoqda. Boshlovchilar jarayonga aralashdi va Tramp aytgan Ohayo shtatining Springfild shahri boshqaruvchisi bu mish-mishni rad etganini ta’kidladi. Bu esa sobiq prezidentning achchiqlanishiga sabab bo‘ldi. Tramp gapirganida Harrisning mikrofoni o‘chiq edi, u kulib yubordi va boshini chayqadi.

ақшdаги saylovлар, debat, dоналdь трамп, камала harрис

Trampga nisbatan ayblovlar: Kaliforniyaning sobiq bosh prokurori Harris “migrantlar jinoyatlari” haqidagi so‘zlariga javoban Trampning jinoiy o‘tmishi masalasini ko‘tardi. “Bu milliy xavfsizlik sohasidagi jinoyatlari, iqtisodiy jinoyatlari, saylovlarga aralashuvi uchun ta’qib qilingan odamning og‘zidan chiqmoqda”, — dedi u. Bunga javoban Tramp unga qarshi barcha ishlar soxtaligini aytdi.

Kapitoliyga hujum: Tramp o‘tgan saylovlarda mag‘lub bo‘lganini tan olishdan bosh tortdi va 2021-yil 6-yanvarda Kapitoliyga hujum qilingani uchun hech narsadan afsuslanmasligini aytdi. “Men salkam 75 millionta ovoz oldim, bu har qanday amaldagi prezidentga qaraganda ko‘proq”, — dedi u. Tramp, shuningdek, Vakillar palatasining sobiq spikeri Nensi Pelosini Kapitoliyga hujum paytida xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarda aybladi.

Isroil va HAMAS urushi: Harris ushbu masala bo‘yicha oldingi bayonotlarining ba’zilarini takrorladi va Isroil o‘zini o‘zi himoya qilish huquqiga ega, ammo buni qanday amalga oshirishi muhimligini aytdi. “Bu urush tugashi kerak. U zudlik bilan tugatilishi kerak” — dedi Harris. Tramp, agar u prezident bo‘lganida, mojaro hech qachon boshlanmagan bo‘lishini ta’kidladi. “Harris Isroilni yomon ko‘radi. Agar u prezident bo‘lsa, men Isroil ikki yildan keyin yo‘q bo‘lib ketishiga ishonaman”, — dedi Tramp.

So‘zining oxirida Harris avgust oyida bo‘lib o‘tgan Demokratik partiya qurultoyida aytgan so‘zlarini takrorladi: “Biz ortga qaytmaymiz”. U yana barcha amerikaliklar uchun prezident bo‘lmoqchiligini aytdi. Harrisning so‘zlariga ko‘ra, uning va Trampning Amerika haqidagi qarashlari turlicha.

Tramp o‘z so‘ngso‘zida yana Harrisga hujum qildi va uning siyosiy dasturi hech qanday ahamiyatga ega emasligini, vitse-prezident lavozimida to‘rt yil davomida esa u hech narsa qilmagani haqida gapirdi. “Siz amerikaliklar ishonmaydigan narsalarga ishonasiz. Biz jiddiy tanazzulga yuz tutgan mamlakatmiz. Butun dunyo bizni masxara qilmoqda”, — dedi u.

Debatda kim g‘olib chiqdi?

CNN tomonidan ro‘yxatga olingan saylovchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, 63% respondent Harris Trampdan yaxshiroq so‘zlaganini ta’kidladi.

Prezidentlikka da’vogarlardan qaysi biri ularning ehtiyojlarini yaxshiroq tushunadi, degan savolga respondentlarning ovozlari deyarli teng taqsimlandi: 44% Harris, 40% esa Tramp deb javob berishdi.

  • AQShning 78 yoshli sobiq prezidenti Donald Tramp iyul oyida bo‘lib o‘tgan qurultoyda Respublikachilar partiyasidan rasman nomzod etib ko‘rsatilgandi.
  • AQShning amaldagi vitse-prezidenti 60 yoshli Kamala Harris avgust oyida Jo Bayden saylov poygasidan chiqqanidan keyin Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo‘ldi — bu iyun oyida Tramp bilan muvaffaqiyatsiz kechgan bahslardan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi.
  • AQSh prezidentligi uchun saylov 2024-yilning 5-noyabrida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Saylov mamlakat tarixidagi oltmishinchisi bo‘ladi.