11-sentabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Nuriddin Xoliqnazar raisligida Toshkent shahri imom-xatiblarining tanqidiy-tahliliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi idora matbuot xizmati.

Muhokamada ayrim imom-domlalar zimmasidagi birlamchi vazifasiga jiddiy yondashmayotgani, fuqarolar ehtiyojini ta’minlashda yetarli sa’y-harakat qilmayotgani va ijro intizomidagi nuqsonlar tanqid ostiga olindi. Shuningdek, belgilangan tartib-qoidalar, mehnat shartnomalari talablari va lavozim yo‘riqnomalariga rioya etmayotgan imom-domlalarga chora ko‘rilgani aytildi.

Xususan, 2024-yilning o‘tgan sakkiz oyida mana shunday xato-kamchiliklarni sodir etgan, din peshvosi sifatida ish faoliyatiga e’tibor qaratmagan va mehnat majburiyatlarini yetarli darajada bajarmagan Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yurituvchi 8 nafar imom-xatib, 10 nafar imom noibi vazifasidan ozod etilgan. Bundan tashqari, yana 2 nafar imom-xatib va 2 nafar imom noibiga hayfsan intizomiy chorasi qo‘llangan.

Muftiy “har bir imom-xatib din va mehrob omonatini chuqur his etishi, faoliyatini yaxshilab borishi, zamon bilan hamnafaslikda doimiy bilim-malakalarini oshirishi va peshvolik maqomiga munosib bo‘lishi” kerakligini qayd etdi.