5-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori [PQ-311-son] qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va dori vositalarini taqdim etish Davlat budjetiga to‘lanayotgan soliqlar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda aholidan davlat tibbiy sug‘urtasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi, jumladan:

  • davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari tasdiqlanadi va ushbu paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar va dori vositalari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan taqdim etiladi;
  • kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy ko‘riklardan o‘tish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi;
  • shifokor rasmiylashtirgan elektron retsept asosida dori vositalari kafolatlangan paket doirasida bemorlarga dorixonalar tomonidan bepul beriladi va dorixonalarning tegishli sarf-xarajatlari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi (reimbursatsiya dasturi);
  • tibbiyot tashkilotlari faoliyatidagi jarayonlarni o‘z ichiga oluvchi “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi yaratiladi hamda ishga tushiriladi;
  • kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb etiladi;
  • tuman (shahar), viloyat va respublika shifoxonalarida tibbiy yordam ko‘rsatishda kasallikning og‘irlik darajasidan kelib chiqib, bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanadi va amaliyotga joriy etiladi;
  • imtiyozli toifadagi shaxslar shifokor ko‘rsatmasiga binoan axborot tizimi orqali shakllantiriladigan yo‘llanma asosida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul davolanadi.

Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan quyidagilar davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda tuman (shahar) va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalarida rejali statsionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega bo‘ladi:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilar;
  • Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to‘lagan shaxslar;
  • voyaga yetmaganlar, ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolari.

2027-yil 1-yanvardan so‘nggi bir yil davomida kamida 6 oy jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘laganlar uchun davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida yuqori texnologik tibbiy yordam bepul amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish doirasida:

  • 2024-yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari amaliyotga joriy etiladi;
  • davlat tibbiy sug‘urtasining axborot tizimi ishlab chiqiladi hamda amaliyotga joriy qilinadi;
  • tibbiyot muassasasi rahbariga muassasaning quvvati doirasida bo‘linmalar ixtisoslashuvini, ulardagi davo o‘rinlari sonini o‘zgartirish hamda ajratilgan mablag‘lar doirasida xodimlar sonini ish hajmiga muvofiq belgilash vakolati beriladi;
  • tibbiyot muassasalari uchun tasdiqlangan shtat me’yorlari tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi hamda 2025-yil 1-iyuldan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lashning alohida tartibi hamda shartlari tatbiq etiladi;
  • ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamning tasdiqlangan standart hamda protokollarga muvofiqligi va sifati nazorat qilinadi.

2025-yil 1-aprelgacha Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar davolanadigan kasalliklar ro‘yxati hamda bazaviy narxlari kasalliklarni davolash yo‘nalishlari asosida barcha tibbiyot tashkilotlari uchun qayta tasdiqlanadi.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishgandi. Taqdimotda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini 2024-yil 1-oktabrdan boshlab Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2025-yil 1-yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy etish taklif etilgandi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini boshqa hududlarda 2026-yil yakuniga qadar joriy etish rejalashtirilgan.

Tibbiy sug‘urtani joriy etish bo‘yicha harakatlar

Prezidentning 2017-yil apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatda majburiy tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish va tegishli qonunni ishlab chiqish rejalari muhokama qilingandi.

Prezidentning 2018-yildagi qarori bilan 2021-yil 1-yanvardan boshlab majburiy tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgandi.

Davlat rahbari 2020-yilning noyabr oyida Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan. Ayni shu hujjatga muvofiq, 2020-yil 1-dekabrdan boshlab Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilgan.

2022-yil dekabr oyida prezident o‘z murojaatnomasida davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish jarayoni jadallashtirilishini va u 2023-yildan Toshkent shahrida, keyinroq boshqa hududlarda ham joriy etilishini ta’kidlagandi.

Yil boshida bu sana 1-iyul deb e’lon qilingan. Sog‘liqni saqlash vazirligi iyul oyidan boshlab Toshkent shahrida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishni ma’lum qilgan. Shu maqsadda tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish ishlari boshlab yuborilgan.

Prezidentning sentabrdagi qarori bilan O‘zbekistonda tibbiy sug‘urtani joriy etishni yakunlash muddati 2026-yil oxiri etib belgilandi.