“Gazeta.uz"ning “Kutubxona” nomli loyihasida o‘z xonadonida kutubxona tashkil etgan mutolaa ishqibozlari bilan kitobxonlik va kutubxonalar haqida suhbatlar uyushtiriladi.

Loyihaning navbatdagi mehmoni — adabiyotshunos olim, pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev. U intervyu davomida “Alpomish” dostonining o‘z hayotidagi ahamiyati, yoshlarning nima sababdan kitob o‘qimayotgani, O‘zbekistonda jamoat kutubxonalari nega karrasiga kamayib ketgani haqida gapirdi.

— Kitob yig‘ishni qachondan boshlagansiz, bunga kim yoki nima turtki bo‘lgan?

— Bu jarayon, asosan, talabalik yillarim boshlangan. Sobiq Sirdaryo viloyat pedagogika institutida o‘qiganman, 1-kursdan qo‘limga tushgan va kerakli deb hisoblagan kitoblarimni yig‘ib borganman. Institutni bitirgach, turli sohalarda faoliyat yuritdim — partiyada va kasaba uyushmalarida ishladim, jurnalistlik va o‘qituvchilik ham qildim. Shu davr ichida yiqqan kitoblarim soni 4−5 mingta bo‘lib qoldi. Ko‘p kitoblarim javonlarga sig‘magani uchun ma’lum vaqt sandiqda ham saqladim. Kitob o‘qiydigan va sharoiti bor odamlarning uyidagi katta-kichik shaxsiy kutubxonalarni ko‘rgach, o‘z uyimda kutubxona tashkil etish fikri tug‘ilgan. 1984-yilda kattaroq uy qurish imkoniyati bo‘lib qoldi, o‘shanda alohida bir xonani kutubxonaga aylantirgandik. Shunga ham 40 yil bo‘libdi.

Bir narsa yozadigan, yozishga intiladigan odam tinchlik istaydi. Tinchlik uyingda bo‘ladi, xolos. Jamoat kutubxonalariga borsang, kirdi-chiqdi ko‘p: kimdir kitob almashtiradi, kimdir boshqasi bilan gaplashadi, u yerda xayolingni yig‘ib olish qiyin. Shu bois nomzodlik dissertatsiyamni ham o‘z shaxsiy kutubxonamda, osudalikda yozganman. U zamonlarda internet degan narsa xayolimizda ham yo‘q edi, hatto mashinkalardan ham foydalanishni yaxshi bilmasdik. Faqat kutubxona juda bir beminnat dastyor edi.

Farzandlarim ham men o‘qish kerak deb hisoblagan kitoblarni mutolaa qilib ulg‘aydi. Natijada o‘g‘lim ham, qizim ham o‘zim singari filolog bo‘ldi; ular ham kitoblar ortidan quvdi, kutubxona ham boyib boraverdi.

— Hayotingizda tub burilish yasagan yoki sizga kuchli ta’sir qilgan asar bormi?

— Ha, bu “Alpomish” dostoni. Менда chinakam ma’noda so‘zga muhabbat uyg‘otgan asar aynan shu. Ota-onam erta vafot etgani sababli pochchamning qo‘lida katta bo‘lganman. Kichkinaligimda har yil noyabr oyi oxirlarida qo‘ni-qo‘shnilar pochchamning uyida to‘planib, yarim tungacha ochilmagan paxta — ko‘sak chuvishardi. 20−30 kishi bir-biri bilan hazil-huzul qilib ishlardi, lekin har kuni shu holat bir xilda takrorlanavergani bois bu jonga ham tegib ketardi. Bir kuni pochcham qayerdandir “Alpomish” dostonini topib keldi. Kitobni 9-sinfda o‘qiydigan qo‘shnimizga har kuni o‘qitardi. Men unda 2 yo 3-sinfda o‘qirdim. “Alpomish"dagi so‘zlarning qudrati va jozibasiga shu qadar intiq edimki, shu asarni men o‘qisam, boshqacha mutolaa qilaman, deb yurardim. Lekin bu gaplarni birovga ayta olmasdim. Kunlarning birida qo‘shnimiz, kayfiyati yo‘qligidanmi yoki dostonning qiyinroq joyiga kelib qoldimi, tutilib-tutilib mutolaa qildi, o‘qiganida shira bo‘lmadi. Keyin pochcham uni to‘xtatib, “Qani Qozoqboy, sen o‘qib ko‘r-chi”, dedi. Kitobni qo‘limga olib, uni ohang bilan ravon o‘qishga kirishdim. Meni eshitgan pochcham: “Mana, dostonni qanday o‘qish kerak! Qozoqboy, sen bugundan boshlab “Alpomish"ni o‘qiysan, sen esa ko‘sak chuviysan”, dedi qo‘shnimizga qarab. O‘sha kundan boshlab “Alpomish” menga yod bo‘lib ketdi. U men uchun tengsiz doston. Menda so‘zdan ta’sirlanish shu dostondan boshlangan, deb o‘ylayman.

— Hozirda kutubxonangizda qancha kitob mavjud va ularning qancha qismini o‘zingiz o‘qib tugatgansiz?

— Shularning hammasini o‘qiganmisiz, deb ko‘p so‘rashadi (kuladi). Ha, bir zamonlar hammasini o‘qigan edim. Lekin keyingi vaqtlarda kitoblarning chiqish tezligi ortib, mening mutolaa tezligim shunga mutanosib ravishda pasayib boryapti. Shuning uchun oxirgi paytlarda o‘qilmagan kitoblarim soni ko‘paymoqda. Shuni ham aytishim kerakki, zarurat tufayli kutubxonamda yo‘q kitoblarning ham ko‘pini o‘qiganman. Biz oldinlari kitob izlar edik, hozir esa kitoblar o‘qirman izlaydigan bo‘lib qoldi. Avval o‘qiydigan yaxshi narsalar yo‘q edi, bugun esa o‘qiydigan juda go‘zal kitoblar bor, lekin negadir tashna o‘qirman kam.

Bir paytlar qancha kitobim borligini ro‘yxat qilib, yozib borardim. Keyinchalik bunga hafsala qilmadim. Oldin faqat kitob sotib olgan bo‘lsam, mana, mualliflarning o‘zi kitobini sovg‘a qiladigan davrga ham yetib keldik. Kitoblarim soni avvalgiga nisbatan ikki-uch baravar ko‘paygandir, deb o‘ylayman. Bu yerdan boshqa joylarda ham kitoblarim bor. Shu sababli yolg‘onchi bo‘lib qolmaslik uchun ularning aniq sonini aytishga biroz tortinaman.

Kitobga juda ham bir muqaddas narsa, deb qaramayman. Kitob bu — ish quroli. Kitobga teginmang, uni buklamang, unga chizmang, deganlarga qarshiman. Kitobga chizish va uni o‘qib ketayotgan vaqtda taassurotlarni yozib ketish kerak. Chunki asarning hammasi yoppasiga odamning aqliga, tafakkuriga ko‘chib o‘tmaydi. Mutolaa vaqtida ikki-uchta fikr sizning tafakkuringizga mixlanib qoladi. O‘sha joylarni qayd qilib, tagiga chizib, belgi qo‘yish kerakki, keyingi safar shu kitobni varaqlaganingizda, o‘sha qismlarni qiynalmay topish mumkin bo‘lsin, uni qaytadan o‘qib o‘tirish shart bo‘lmasin.

— Kutubxonangizni qanday boyitasiz: kitoblarni ko‘proq xarid qilasizmi yoki sovg‘a sifatida xadya qilishadimi?

— Avvallari chop etiladigan kitobga obuna bo‘lish degan tushuncha bor edi. Masalan, 1980-yillarda Navoiyning 20 tomlik kitobiga obuna bo‘lib, oldindan pulini to‘laganman va kitob chiqqanidan keyin pochta orqali uyga olib kelishgan. Kitoblarimni o‘zim izlab topib, ba’zilarini yalinib, so‘rab olib yiqqanman, shuning uchun kutubxonamda noyob kitoblar ko‘p.

3−4 yildan beri juda zarur demasam, aynan menga bugun yo ertaga kerak bo‘ladi, deb hisoblamasam, hozir kam kitob sotib olyapman. Negaki, mutolaa qilishga vaqt va imkoniyatimni hisobga olyapman. Shuningdek, yosh bir joyga borib qoldi, odamning yoshi ulg‘aygani sari uning o‘zidan tashqari majburiyatlari ham ko‘payib ketaveradi. Misol uchun, mana, sizlarga intervyu beryapman — 2−3 soat vaqtimni olasizlar. Undan so‘ng Yozuvchilarga uyushmasiga borib, qandaydir yig‘inda qatnashishim kerak. Ish joyimning ham o‘ziga yarasha tashvishlari bor. Jamiyatda qayerdadir kimgadir qandaydir xizmat qilishing kerak bo‘ladi.

Shuning uchun men hozir avvalgidek muttasil mutolaa qilaman, deb ayta olmayman. Bir zamonlar har bir ijodkorning yangi asarini qoldirmay o‘qirdim va atrofimdagilar orasida o‘zim haqimda: “Qozoqboy domla hech narsani nazardan qochirmaydi”, degan tasavvurni shakllantirgan edim. Afsuski, bugungi kunda chiqayotgan kitoblarning o‘ndan birini ham ko‘ra olmayapman.

Kitob odamga axborot bilan birgalikda insoniy tuyg‘ularni va insoniy nuqtai nazarlarni ham beradi. [Inson tafakkuriga] tuyg‘u bilan qo‘shilib kirgan axborot hech qachon esdan chiqmaydi. Shunchaki axborot sifatida qabul qilingan ma’lumot bir necha kundan keyin hech kimning esida qolmaydi. Shu sababli badiiy asar odamning tafakkurini rivojlantiradigan, ayniqsa, his-tuyg‘ularini tozartiradigan bir vosita sanaladi.

— O‘zbekistonda jamoat, xalq kutubxonalari karrasiga kamayib ketgan. Nega bunday bo‘ldi, qanday qilib vaziyatni o‘nglash mumkin, o‘zi kerakmi shunday kutubxonalar?

— Aslida kutubxonalar ularga odamlar kirmay qo‘ygani, kitob o‘qimay qo‘ygani uchun [yopilgan]. Bunda albatta, amaldorlarning ham [aybi bor]. Bir shovvoz chiqib, “sovet” degan so‘z bor kitoblarni yo‘qotish kerak, dedi. O‘sha katta amaldorning sharofati, to‘g‘rirog‘i, kasofati bilan respublika bo‘yicha millonlab kitoblar makulaturaga topshirildi. Dunyodagi biror kitob zararli bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Zararli deb hisoblangan kitobning ham qayeridadir, albatta, foydali narsalar bo‘ladi. Kitobni saralamaslik kerak, balki, kitobxonni, o‘qirmanni yaxshi kitob o‘qishga tayyorlash, saviyasini ko‘tarish lozim.

Millatning hozirgi shu ahvoliga kutubxonalar kerak emas, deb o‘ylaymiz. Lekin mavjud holatni o‘zgartirish yo‘lini izlashimiz kerak. O‘qimagan millat — tanazzulga yo‘liqqan millatdir. To‘g‘ri, chiroyli kiyimlar kiyish mumkin, yaxshi ovqatlar yeyish mumkin, chiroyli avtomashinalarni boshqarish ham mumkin. Lekin [odam] eng zo‘r mashinani mingan holda, eng zo‘r uyda yashagan holda g‘arib va kambag‘alligicha qolaveradi. Nimaga bizning millonlab odamlarimiz tashqariga chiqib ketdi va tashqarida nima ish qilyapti? Ha, boshqa davlatlarda ham fuqarolar tashqariga chiqadi. Lekin ular dunyoni egallash maqsadida chiqib ketadi. Millionlab o‘zbeklar esa nafsni qondirish uchun chet elga chiqyapti. Eng og‘ir, hech kim qilmaydigan, saviya talab qilinmaydigan ishlarni bajarish uchun chiqib ketyaptiki, bu millatning halokatidan dalolat.

Kitob shunday narsaki, u o‘qigan odam uchungina bor. O‘qilmagan kitob bu — foydalanilmagan imkoniyat, yeyilmagan non, kiyilmagan kiyimga o‘xshash narsa. Kitobni o‘qish kerak. Ammo jamiyat va millat bunday qolmasligi kerak. Siz o‘zingizga savol bering: men shu yoshimda o‘qishim kerak bo‘lgan kitoblarning qanchasini o‘qidim? Men xabardormanmi Nazar Eshonqulning asarlaridan, Luqmon Bo‘rixon, Abduqayum Yo‘ldosh, Farida Afruz, Oydinniso, O‘ktamoy, Isajon Sulton, Ulug‘bek Xamdam, Zulfiya Qurolboy qizi asarlaridan? Oybek, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimovning asarlaridan xabarim bormi, degan savolni o‘zingizga bersangiz, javobi ham o‘zingizga ayon bo‘ladi. O‘qimagan millat kuchli bo‘lmaydi. Ehtimol, bokschilarimiz dunyodagi eng zo‘r bokschi bo‘lar, ehtimol futbolchilarimizga ham son kirib, jahon chempionatida qatnashib qolar. Lekin biz dunyoni tafakkur bilan egallaydigan millatga aylanishimiz kerak. Biz dunyoni tuyg‘ularimiz bilan boyitadigan millatga aylanishimiz uchun mutolaaga qaytishimiz kerak.

kitob, kitobxonlik, kutubxona, kutubxona loyihasi, mutolaa, qozoqboy yo‘ldoshev

Shu bugungi kunda har bir qishloqda bittadan kutubxona ochib, kitoblar bilan to‘ldirib qo‘yganda ham o‘qiydigan odam ko‘p bo‘lishiga ishonmayman. Masalan, Yozuvchilar uyushmasi vakillari hududlarga borganda uyushma hisobidan chiqarilgan yuzlab kitoblarini tekinga tarqatib keladi. Bunday jarayonlar kitobni qadrsizlantiradi, deb o‘ylayman. Bepul, izlanib topilmagan narsa qo‘yilgan joyida chang bosib turaveradi. O‘qiydigan odam kitobga o‘zi keladi, kitobning uning oldiga bormaydi. Lekin kitobni ham izlaganda topiladigan holatga keltirish kerak, kitob do‘konlarini ko‘paytirish va kitoblarni arzonlashtirish zarur. Hozir bizda kitob sanoati juda rivojlangan, juda chiroyli, bezakli va qimmatbaho kitoblar chop etilyapti. Afsuski, o‘zbek ovqatning qimmatligiga, kiyimning qimmatligiga chidashi mumkin, lekin kitobning qimmatligiga chidamaydi. Noshirlar shuni ham hisobga olishi kerak, nazarimda.

Siz aytgandek, son-sanoqsiz jamoat kutubxonalari, har bitta aholi punktida odamlar izlanib uzoqqa bormaydigan jamiyat kutubxonalari bo‘lish kerak. Ziyoliman, o‘zicha ijodkorman, o‘zicha olimman, degan odamlarning uyida esa shaxsiy kutubxonalari bo‘lishi lozim.

— Faoliyatingiz yoshlar bilan bog‘liq, ya’ni oliy o‘quv yurtida talabalarga saboq berasiz. Bugun yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi, degan gaplarga munosabatingiz qanday?

— Yoshlargina kitob o‘qimay qo‘ygan bo‘lsa yaxshi edi, hatto kattalar ham mutolaa qilmay qo‘ydi. Men bo‘lajak til va adabiyot fani o‘qituvchilariga dars beraman. Talabalarimning orasida “O‘tkan kunlar"ni, “Alpomish"ni o‘qimay kelganlarini ham uchrataman. Kitob ma’naviy ozuqa olish uchun o‘qiladi. Aslida kitob turmushimni yaxshilashga xizmat qiladi, deb o‘qilmaydi. Adabiyot odamga qanday moddiy manfaat berishi mumkin? Misol uchun, “Alpomish"ni o‘qiding, u qachondir qayerdadir bo‘lgan yo bo‘lmagan voqealar silsilasi, lekin bu muhim emas. So‘zning go‘zalligi va betakrorligi, so‘zning qudratini his qilish va undan ta’sirlanish qo‘lidan keladigan odamni tayyorlash kerak. O‘qirman shuning uchun kerak, kitob shuning uchun kerak.

Sizlarning avlod vakillarining (30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar nazarda tutilmoqda — tahr.) tili nimaga qashshoqlashib boryapti? Nega millatning katta qismi o‘zbek tilida jo‘yali, jozibali qilib so‘zlashni bilmaydi? Sababi — bugun odamlar badiiy asarni o‘qishga qiziqmay qo‘ydi. Buning nimasi fojia? Bunday odamlarning tuyg‘ulari qashshoq, quruqshab qoladi. Bunday odamlar 25 yoshida kampir va chol bo‘lib qolaveradi. Chunki tuyg‘u yangilanmaydi, ta’sirchanlik yo‘qoladi, birovning quvonchi va tashvishini qabul qilish pasayadi. Masalan, kitobxon Kumush yo Otabekning halokatini o‘qib yig‘laydi, sababi Kumushning dardi unga yuqadi. “O‘tkan kunlar” kabi asarlarni o‘qib, birovning tuyg‘usini yuqtirishga o‘rganmagan odamlar faqat foyda keltiradigan narsani o‘ylaydigan bo‘ladi.

Yoki “Ammangni ko‘rib kelish kerak”, desa, “telefonda gaplashdik-ku”, deydi. Amaliy jihatdan qaraganda, uning gapi to‘g‘ri: telefonda gaplasha oldi, qarindoshining ahvoli yaxshi. Vaqtni, pulni sarflab borib kelishdan nima foyda. Bu odat ertaga tog‘aga, keyin ota va onaga, undan so‘ng bolaga nisbatan shakllanadi. Shunday qilib bemehrlik paydo bo‘ladi. “Nimaga men endi ota-onamni quchoqlab yotishim kerak?”, “14 yoshimdan keyin mustaqil yashayman” deydigan kunbotishcha qarashlar shu tariqa paydo bo‘ladi, deb o‘ylayman. Badiiy asar ana shu boylikni, ana shu ne’matni beradi.

— O‘zbekistonda yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish maqsadida turli tanlovlar o‘tkazilyapti. Sizningcha, kitobxonlar safining kengayishida shu kabi loyihalar ham ta’sir ko‘rsatadimi yoki bu baribir oilaviy muhitga bog‘liqmi?

— 70 ta kitobni o‘qib, shuni eslab qolgan yoshlarga mashina berilayotgani menga juda g‘alati ko‘rinadi. 70 ta kitobning hammasini eslab yurib, qahramon qayerda tirsagini qashladi, qahramon qayerda sochini taradi — bularni eslab yurish kitobxonlikka kirmaydi. Bu o‘sha yoshlarning ma’naviy boyishiga xizmat qilishiga unchalik ishonmayman. Ammo hech bo‘lmasa shu 70 ta kitobni o‘qiydigan odamlarning shakllanib qolayotgani yaxshi holat.

Ularing aksariyati faqat mukofotga intilsa, shular orasida kitobdan rohatlanib, mukofotsiz ham boshqa kitoblarni o‘qishda davom etaman, deydiganlari ham chiqib qoladi. Shu sababli bu kabi tanlovlar yo‘qdan ko‘ra foydali. Lekin ko‘proq maktab va oila yoshlarga kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi. Maktablarda adabiyot fani testga tayyorgarlik uchun o‘qitilmasligi kerak, maktabda adabiyot fani o‘quvchilarda so‘zning go‘zalligini his qilish, tuyg‘usini boyitish umidi va rejasida o‘qitilishi lozim.

— Kutubxonaningizning kelajagi qanday bo‘ladi — keyinchalik uni ochiq bir kutubxonaga aylantirasizmi yo kattaroq kutubxona fondiga topshirasizmi yoki oilaviy yopiq xazina bo‘lib qoladimi?

— Agar kutubxonamdagi kitoblarni o‘qishga qiziqadigan va shunday fikrdagi jamoa bo‘lsa, shunday qavm shakllansa, ehtimol, berib yuborishim ham mumkin. Lekin o‘g‘lim va qizim ham bir qancha tillardagi kitoblarni o‘qiy oladi, ular ham juda kitobxon.

Yodingizda bo‘lsa, ancha yil oldin har bir mahallada kutubxona tashkil etish loyihasi yo‘lga qo‘yilgan edi: mahallalarda oynali kitob javonlari ichiga kitoblar terib chiqilgan. O‘shanda men ham uyimdagi badiiy asarlardan qo‘ymoqchi bo‘ldim. Qarasam, javonlarga kitoblar qanday qo‘yilgan bo‘lsa, shundayligicha bir necha yil turdi. Shuni ko‘rib, kitob berish fikridan qaytdim.

Hozircha kitoblarimdan o‘zim foydalanyapman. Men o‘tib ketganimdan keyin, balki, kitoblarimni biror kutubxonaga topshirib yuborishar yo [yaqinlarimning] o‘zi foydalanar, xullas, bir narsa bo‘lar. Keyin, men o‘zim ham hali biroz yashamoqchiman (kuladi), shu bois kutubxonam taqdirini jiddiy o‘ylaganim ham, biror nimani rejalashtirganim ham yo‘q.