Shavkat Mirziyoyev 11-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirishga doir yig‘ilishda oilalarni kambag‘allikdan olib chiqishning yechimlari turlicha bo‘lishi kerakligini aytdi.

Qayd etilishicha, prezident topshirig‘iga ko‘ra, mutasaddilar masalani ichiga chuqurroq kirib, eng og‘ir mahalladagi nochor oilalarga borib, nimaga ko‘proq e’tibor berish kerakligini o‘rgangan.

Bu masalada savdo, servis, to‘qimachilik, tibbiyot, ovqatlanish, qurilish, kasanachilik, elektrotexnika, transport sohasi tadbirkorlari bilan aniq muhokamalar o‘tkazilgan.

O‘rganishlar kambag‘allikni faqat pul tarqatish bilan hal qilib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda, dedi prezident. U kambag‘allikka tushish sabablari har xil ekan, yechimi ham alohida-alohida bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Xususan, hozirda 3−5 million so‘mgacha oylik beraman degan korxonalarda 250 mingta bo‘sh ish o‘rni bor. Lekin kambag‘al oilaning 35 foiz ishga layoqatli a’zolarida bilim va ko‘nikma kam. Bola parvarishi bilan band bo‘lgani esa uchun ishlash xohishi bo‘lgan ayollarning 43 foizi ishga bora olmayapti.

Kambag‘al oilalarning 83 foizida katta tomorqa bor, lekin ularning 62 foizida — suv, 48 foizida — elektr muammosi bor, yana 50 foizi markazdagi bozorga borishga qiynalmoqda.

Davlat rahbari yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlar ahvoli hamma viloyat va tumanda ham bir xil emasligini ko‘rsatib o‘tdi va tuman hokimlari, ularning iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlariga bu boradagi faoliyati sustligi bo‘yicha qat’iy e’tiroz bildirdi.