O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 11-sentabr kuni mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish va kambag‘al oilalar bilan ishlash tizimiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Davlat rahbari kambag‘allikka tushish sabablari har xil ekan, yechimi ham alohida-alohida bo‘lishi kerakligini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha keyingi yillar uchun juda katta “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi tayyorlanmoqda. Unda yettita imkoniyat va mas’uliyat tamoyili asosida O‘zbekistonning navbatdagi yangi yondashuvlari belgilab beriladi.

Yig‘ilishda mutasaddilarga har bir mahallani to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ulardagi “kambag‘al oilalar portreti”ni ishlab chiqish topshirildi.

“Kambag‘al oila bo‘yicha individual dastur bo‘ladi, har bir vazirlikning aniq vazifasi ko‘rsatiladi”, — dedi prezident.

Iqtisodiy kompleks rahbari Jamshid Qo‘chqorov (bosh vazir o‘rinbosari — O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri)ning tizimi oilalarni kambag‘allikdan olib chiqishga, ijtimoiy himoya bo‘yicha Mansurbek Olloyorov (Ijtimoiy himoya milliy agentligiga direktori) tizimi kimni reyestrga kiritish, qaysi oilani undan chiqarishga javob berishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident shu yilning iyul oyida kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya masalasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi zimmasiga yuklanishi haqida gapirgandi. Ungacha kambag‘allik masalalari bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi shug‘ullangan, oldinroq esa bunga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi javob bergan.