11-sentabr kuni Shahrisabz mahalliy aeroporti fuqaro aviatsiyasi parvozlari uchun o‘z faoliyatini tikladi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Silk Avia aviakompaniyasining Toshkentdan ilk parvozi mahalliy vaqt bilan soat 13:10 da aeroportga borib qo‘ndi. Parvoz vaqti 1 soat 30 daqiqani tashkil etdi. An’anaga ko‘ra, L410 rusumli samolyot suv arkasi bilan, birinchi yo‘lovchilar esa karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi.

Shahrisabzdan 5 km janubi-g‘arbda qurilgan mazkur aeroport 1983-yilda ochilgan. 1983−1996-yillarda Toshkent-Shahrisabz yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar yoz oylarida haftasiga 4 marta, kuz-qish mavsumida esa 3 marta amalga oshirilgan, shuningdek, Urganch-Shahrisabz yo‘nalishi bo‘yicha ham samolyotlar haftasiga ikki marta parvoz qilgan.

1993−1995-yillarda Toshkent — Qarshi — Shahrisabz yo‘nalishida ham parvozlar amalga oshirilgan. Havo qatnovlari An-2, An-24, Yak-40, RJ-85 rusumli samolyotlarda bajarilgan. Biroq aeroport 2003-yilning noyabr oyida yopilgan.

uzbekistan airports, шаҳрисабз aeroporti

Ayni paytda aeroport fuqaro aviatsiyasi parvozlariga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Uzunligi 1554 metr va eni 35 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi, ikkita samolyot va to‘rtta vertolyot turish joyiga ega aerodrom quyidagi turdagi samolyotlarni sig‘dira oladi: ATR-42, ATR-72, L-410 va barcha turdagi vertolyotlar. Aeroport majmuasi soatiga 100 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Parvozlar chorshanba va shanba kunlari L-410 havo kemasida quyidagi jadvalga muvofiq amalga oshiriladi:

  • Toshkentdan jo‘nab ketish soat 11:40, Shahrisabzga yetib borish soat 13:10;
  • Shahrisabzdan jo‘nab ketish soat 13:50, Toshkentga yetib borish soat 15:50.

2023-yilning oktabrida o‘tgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz aeroportiga yangi ATR samolyoti parvozlari yo‘lga qo‘yilib, Samarqand, Buxoro, Xorazm va vodiy viloyatlariga mahalliy reyslar ko‘paytirilishini aytgandi.