O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda tadbirkorlar quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi deputatlik so‘rovlari yubormoqchi.

Partiya matbuot xizmati xabarida aytilishicha, hech kim tadbirkorni uning istagiga zid holda biror narsaga majburlashi mumkin emas. “Bunday hatti-harakatlar tadbirkorlarning huquq va erkinliklarini kafolatlash yo‘lida davlatimizda qabul qilingan qonunchilikka zid”, — ta’kidladi O‘zLiDeP.

Partiya, shuningdek, Parlament sayloviga tayyorlagan dasturiga shu kabi holatlarning oldini olish uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvini qat’iy taqiqlash choralarini ko‘rish ham kiritilganini eslatdi.

“Ushbu ishlar majburlash yo‘li bilan emas, balki qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning ustunliklari, afzal jihatlarini tushuntirish, targ‘ib qilish, tegishli moliyaviy imkoniyatlar yaratish orqali amalga oshirilishi lozim deb bilamiz”, — deyiladi xabarda.

Hozirda partiyaning markaziy va xududiy kengashlari tomonidan o‘rganishlar boshlangan. Agar tarmoqlarda tarqalgan ma’lumot o‘z tasdig‘ini topsa, xabarga ko‘ra, O‘zLiDeP o‘z deputatlari orqali tegishli vazirlik va idoralarga deputatlik so‘rovlari bilan murojaat qiladi va bunday harakatlarga huquqiy baho berishni talab qiladi.

Avvalroq moliyachi Otabek Bakirov tadbirkorlarni quyosh panellari o‘rnatishga majburlashning asosiy usuli elektrdan uzish, kunduzgi ish vaqti davomida o‘chirib qo‘yish, shartnoma bo‘yicha limitni kamaytirish bilan qo‘rqitish bo‘lib qolayotganini aytgandi.

“Eng kulgulisi, ayrim tumanlarda tadbirkorlardan quyosh panellarini o‘rnatish orqali generatsiyani oshirish emas, shunchaki panellarni sotib olish talab qilinmoqda. Ya’ni energozo‘ravonlarning maqsadi hech qanday energosamaradorlik emas, balki qaysidir muttaham korchalonning navbatdagi partiyadagi quyosh panellarini qimmatlashtirib o‘tkazishga aylanib ketgan”, — deb ta’kidlagandi u.

Moliyachi savol qo‘ydi: “Panellarni o‘rnatish yoki o‘rnatmaslikni balki bozorning o‘ziga va tadbirkorlarning ixtiyoriga qo‘yib berarmiz?”

Energetika vazirligining masalaga munosabat bildirishicha, kimnidir quyosh paneli o‘rnatishga majburlash, o‘rnatilmagan taqdirda tarmoqdan uzib qo‘yish bilan ogohlantirish “hech bir qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan”.

“Demakki, bunday qilish qonunchilikka zid va Energetika vazirligi bu kabi xatti-harakatlarni mutlaqo yoqlamaydi”, — yozdi vazirlik matbuot xizmati.

Energovazirlikning qo‘shimcha qilishicha, 2023-yilning 1-oktabridan yuridik shaxslar va tadbirkorlar uchun, 2024-yilning 1-may sanasidan e’tiboran esa aholi iste’molchilari uchun energoresurslar tarif narxlarining tabaqalashtirilgan ravishda oshirilishi iste’molchilarda quyosh paneli hamda geliokollektorlarga nisbatan qiziqishni tabiiy ravishda kuchaytirgan.

Xususan, joriy yilning 1-avgustigacha “Quyoshli xonadon” dasturi bo‘yicha jami 44 516,4 kVt quvvatga teng 13 ming 324 ta, yuridik iste’molchilar bilan esa jami 197 201 kVt quvvatga teng 8 ming 776 ta shartnoma imzolangan. Bu fuqarolarning barchasi quyosh panelini o‘z xohishi bilan o‘rnatgan, ta’kidlanadi xabarda.