Firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanib 2023-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan Doniyorjon Muqimjonov Murodil o‘g‘li O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Bu haqda Istanbuldagi bosh konsulxona xabar berdi.

Qayd etilishicha, 32 yoshli erkak Turkiya va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Istanbul shahrida qo‘lga olingan.

U 2022−2023-yillarda ishonchga kirish yo‘li bilan o‘zgalarning umumiy hisobda qariyb 60 ming dollar miqdoridagi pullarini o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda.

Konsullik ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan Istanbuldagi bosh konsulxonaga yoki O‘zbekiston IIV yoxud uning quyi tizimlariga murojaat qilishni so‘radi.

“Jinoiy javobgarlikdan qochib xorijiy davlatlarda, shu jumladan, Turkiyada yashirinib yurgan har bir shaxsga nisbatan jinoiy ta’qib izchil ravishda davom ettiriladi va jinoyat uchun javobgarlik prinsipi qat’iy ta’minlanadi”, — deyiladi xabarda.

Tashkilot so‘nggi vaqtlarda firibgarlik holatlari yuzasidan murojaatlar soni ortganini ta’kidlab, fuqarolarni ogohlikka chaqirdi.