Yandex Uzbekistan rahbari lavozimiga Izzat Shukurov tayinlandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, u mamlakatdagi Yandex xizmatlarini rivojlantirish, shuningdek, uning texnologiyalari, mahsulotlari va xalqaro tajribasi asosida O‘zbekistondagi foydalanuvchilar va biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratishga mas’ul bo‘ladi.

Izzat Shukurov bunga qadar texnologiyalar va elektron savdo sohasidagi kompaniyalar va loyihalarni boshqargan.

Xususan, Payze fintex kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi faoliyatini boshqargan, Newmax Technologies kompaniyasi direktori sifatida O‘zbekistonda Maxtrack transportni boshqarish yechimini, Workly ish vaqtini hisobga olish tizimini, birinchi MyTaxi taksi agregatorini va Express24 oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini joriy etishda o‘z hissasini qo‘shgan.

“Mening kompaniyadagi vazifam — Yandex`ning O‘zbekistondagi o‘sish imkoniyatlarini topish va bir vaqtning o‘zida mamlakatga Yandex tashabbuslari va loyihalari orqali yordam berish”, — dedi u.

Ma’lumot uchun, Yandex Uzbekistan 2018-yildan buyon mamlakatda taksi onlayn buyurtmasi, oziq-ovqat va mahsulotlar yetkazib berish xizmatlari, geo xizmatlar, ko‘ngilochar servislar va ta’lim loyihalari bilan faoliyat yuritmoqda.