Chirchiq daryosining Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismidan bir guruh shaxslar noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olish bilan shug‘ullanib kelgani aniqlandi. Bu haqda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev o‘z Telegram kanalida xabar qildi.

Jarayonda bir qism qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yer maydoni ham yo‘q qilingani ma’lum bo‘lgan. O‘rganishlar davom etmoqda.

O‘rganishda ushbu noqonuniy harakatlar oqibatida tabiatga 441 mlrd 299 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlangan.

Shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtichodiy jinoyatlarga qarshi departamenti ma’lum qilishicha, Samarqand tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “L.P.” MCHJ rahbari A.B. korxonaga baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan hududdan o‘zboshimchalik bilan 33,2 ming kub metr hajmdagi qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 3,1 mlrd so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.

Shu kabi, departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda viloyat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli Karmana tumani “Yangi ariq” MFY hududida joylashgan yer maydonidan 79,3 ming kub metr hajmdagi qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy qazib olingani oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,1 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 192−11-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 229-moddasi (O‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 1-may kuni prezident farmoni bilan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilgandi.