15−19-sentabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Ipak yo‘li durdonasi” XVI Toshkent xalqaro kinofestivali muddatlari ko‘chirildi, deya xabar qilmoqda festival matbuot markazi.

“Mamlakatimiz bu yil ko‘plab e’tiborga molik yirik xalqaro tadbirlarning markaziga aylandi. Ularning o‘tkazilish sanalari kinofestival kunlariga to‘g‘ri keladi. Xususan, futzal bo‘yicha jahon chempionati va bir nechta boshqa xalqaro forum va konferensiyalar shular jumlasidan”, — deya tushuntirdi tashkilotchilar.

Shu bilan birga, kinofestivalning tanlov dasturida ishtirok etish uchun arizalar qabuli to‘xtatilganiga qaramay (60 dan ortiq davlatdan 400 dan ortiq film), xorijiy mamlakatlardan ishtirok uchun talabgorlarning so‘rovlari davom etmoqda. Bu, “o‘z navbatida, festivalni o‘tkazish kunlari bilan bog‘liq rejalarga o‘zgartirish kiritishni taqozo qilmoqda”.

“O‘z ish rejalaringizni o‘zgartirishga majbur bo‘lganingiz uchun yana bir karra uzr so‘ragan holda kinofestivalga bo‘lgan qiziqishingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz”, — deya ta’kidladi tashkilotchilar.

Xabarda kinofestivalning yangi sanalari ko‘rsatilmagan.

Avvalroq Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida Raj Kapur yubileyiga bag‘ishlangan tadbir, Alen Delon filmlarining retrospektivi hamda xorijiy rejissyor va aktyorlarning mahorat darslari bo‘lib o‘tishi haqida yozgandik.