Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirobod tuman sudi sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 49 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rishni yopiq rejimga o‘tkazdi, deya xabar bermoqda “Daryo”.

12-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi vakili G‘ofur Mahkamov fuqaroviy da’vogar sifatida suddan jarayonni yopiq o‘tkazishni so‘radi.

Yig‘ilishda bo‘lgan OAV vakillaridan biri mazkur agentlik vakili bugungi sudga ilk bor qatnashayotganini aytdi, deb yozadi nashr.

Sudda agentlik vakilining iltimosnomasini tinglagan advokatlar, jumladan, advokat Qilichov, Rahmatov, Alimov va Yangiboyevlar hamda aksariyat sudlanuvchilar bu iltimosnomani rad etishni, boisi Jinoyat-protsessual kodeksida 2 xil holatda — davlat siri va jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlarda yopiq sud majlislari bo‘lishi belgilanganini eslatdi.

Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasiga ko‘ra, barcha sudlarda jinoyat ishlari oshkora ko‘riladi, bundan davlat sirlarini qo‘riqlash manfaatlariga zid keladigan hollar, shuningdek, jinsiy jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilayotgan hollar mustasno.

18 yoshga to‘lmagan shaxslarning jinoyatlari to‘g‘risidagi ishlarni, shuningdek fuqarolarning shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlarni yoki ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik maqsadida hamda jabrlanuvchining, guvohning yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning, xuddi shuningdek ular oila a’zolarining yoki yaqin qarindoshlarining xavfsizligini ta’minlash taqozo etilgan hollarda boshqa ishlarni sud ajrimi bilan yopiq sud majlisida ko‘rishga yo‘l qo‘yiladi.

Sud ishiga raislik qiluvchi Sardor Sodiqov bir necha advokatlar va sudlanuvchilarning sud majlisi ochiq bo‘lishini so‘ragani, shuningdek, sanoqli advokatlarning sudga havola qilishi haqidagi so‘zlarini tinglasa-da, “xizmat doirasidan foydalanish mumkin bo‘lgan ma’lumotlar yangrashini inobatga olgan holda shunday qarorga keldik”, deya sudni yopiq deb e’lon qildi. Hamda jurnalistlardan buni to‘g‘ri tushunishni so‘radi, deb yozadi “Daryo”.

Shuni ta’kidlash kerakki, sudning ishni yopiq majlisda ko‘rish to‘g‘risidagi ajrimi butun jarayonga yoki uning alohida qismlariga nisbatan chiqarilishi mumkin. Sudya butun jarayonni yopiq ko‘rishga qaror qildi.

Avvalgi yig‘ilishda sudda OAV vakillariga foto, video olish hamda audio yozib olish taqiqlangandi. Ayrim advokatlar jurnalistlarni yolg‘on tarqatishda ayblagan. Antikorrupsiya agentligi bunday qaror prezident farmoniga zidligini aytib, majlisni jonli efirga uzatishga chaqirgan.