Firibgarlikda ayblanib qidiruvga berilgan 47 yoshli erkak Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi, deya xabar bermoqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligi.

Qayd etilishicha, Atabek Abdullayev 2019-yildan buyon firibgarlik sodir etganlikda ayblanib kelmoqda.

U Turkiya va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi. So‘ngra bosh konsulxona xodimlari ishtirokida O‘zbekistonga deportatsiya qilindi.

Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston IIV yoxud uning quyi tizimlariga murojaat qilishlari mumkinligi aytildi.

Avvalroq xuddi shu jinoyatda ayblanib, 10 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan Jaxongir Xasanboyev, 2 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan Dilafruz Madiyeva va Doniyorjon Muqimjonov hamda boshqalar O‘zbekistonga qaytarib yuborilgani xabar qilingandi.