Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets 2026-yilgi Jahon chempionatiga saralash 3-bosqichining ikkinchi o‘yinida Qirg‘iziston ustidan qozonilgan g‘alaba bo‘yicha izoh berdi. Bishkekdagi uchrashuv 2:3 hisobida yakunlandi. O‘yinni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev ham kuzatib bordi.

“Futbolchilarimni g‘alaba bilan tabriklayman. Biz bunday gollarni o‘tkazib yubormasligimiz mumkin edi. Qaysi jamoaga qarshi o‘ynamang, bu kabi gollarni o‘tkazib yuborsangiz, jamoa shokka tushishi mumkin, ammo futbolchilarimiz o‘sha zahotiyoq javob qaytarishdi va Shoma (Eldor Shomurodov — tahr.) javob golini kiritdi. Umuman olganda, bu g‘alabaga haqli edik. Bizda olti ochko bor. Keyingi o‘yinlar bir oydan keyin o‘z uyimizda bo‘ladi, g‘alaba qozonishga esa yaxshi imkoniyat bor”, — dedi Srechko Katanets.

Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolchilar keraksiz xatolarga ham yo‘l qo‘ydi, ehtimol, bu maydon sifati bilan bog‘liq.

“Jahon chempionatiga saralash o‘yinlarining so‘nggi bosqichida biz bunday xatolarga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Ushbu bosqichda eng yaxshi jamoalar jam bo‘ladi. Biz konsentratsiyani kuchaytirishimiz kerak”, — dedi mutaxassis.

Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi Eldor Shomurodov jamoa uch ochko qo‘lga kiritgani va muhimi ham shu ekanini aytdi.

“Birinchi bo‘limda gol o‘tkazib yubordik, ikkita zarbadan so‘ng ularning hisobida ikkita gol bor edi, bu vaziyatni qiyinlashtirdi, ammo biz o‘yinni tashlab qo‘ymadik. Ikkinchi bo‘limga ko‘proq konsentratsiya bilan chiqdik va g‘alabaga erishdik. Oldinda hali o‘yinlarimiz ko‘p. Ortiqcha xursandchilikka berilmaymiz. Vazifa bajarilishi uchun oldinga harakat qilamiz”, — dedi futbolchi.

Ikki tur yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston olti ochko bilan o‘z guruhida birinchi o‘rinni egallab turibdi. Eron 6 ochko bilan ikkinchi, BAA esa 3 ochko bilan uchinchi o‘rinda.

жч-2026 saralashи, сречко катанец, футбол, элдор шомуродов

Milliy terma jamoa navbatdagi o‘yinni 10-oktabr kuni soat 19:00 da Toshkentda Eronga qarshi o‘tkazadi. 15-oktabr kuni soat 19:00 da Srechko Katanets shogirdlari BAAni qabul qiladi.