Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, Sirojiddin Qorshiboyevich Eshquvvatov Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Tayinlovga qadar Eshquvvatov 2023-yil avgustidan beri Toshkent viloyati prokurori lavozimida ishlab kelayotgandi.

U 1980-yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. 2002-yilda Toshkent davlat yuridik institutini va 2009-yilda Bosh prokuratura Oliy o‘quv kurslarini tamomlagan. 2011−2014-yillarda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi prokuratura organlarida tergovni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari — axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan.

Eshquvvatov bir muddat Andijon viloyati prokurori lavozimida ham ishlagan.

Shu munosabat bilan Kozim To‘laganov inspeksiya boshlig‘i lavozimidan ozod etildi. Uning yangi tuzilgan Arxitektura va qurilish sohasi faxriylari kengashi raisi etib tayinlangani aytilmoqda.