Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi xususiy bog‘chada 2 yoshli bola ovqat tiqilib qolishi oqibatida vafot etgandi. Holat yuzasidan 11-sentabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 7-avgust kuni oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan I.S. to‘satdan vafot etgan. Sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, u nafas yo‘llari berkilib qolishi sababli (obturatsion asfiksiya) vafot etgan.

Aniqlanishicha, tuman tibbiyot birlashmasi va oilaviy shifokorlik punkti mas’ul shaxslari bolaning tug‘ilganidan buyon unda aniqlangan kamqonlik (anemiya) kasalligini shu kunga qadar davolash choralarini ko‘rmagan, mas’ul mansabdor shaxslar bu borada qat’iy nazorat o‘rnatmagan.

Shu bilan birga, bolani bog‘chaga qabul qilishda umumiy sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotnoma olinmasdan hamda bola 3 yoshga to‘lmagan bo‘lsa-da, tarbiyalanuvchilar safiga qabul qilingan.

“Mas’ullar tomonidan bolada sog‘lig‘i bilan bog‘liq sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan jarayonlar doimiy nazoratga olinmagan hamda kuzatilgan dastlabki tibbiy simptomlarni muntazam ravishda nazorat qilib borilmasdan, malakali birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmagan”, — deyiladi xabarda.

I.S.ning vafot etgani holati yuzasidan Mirzaobod tuman tibbiyot birlashmasi va oilaviy shifokorlik punkti mas’ul xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) hamda oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 192−11-moddasi 1-qismi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Mirzaobod tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bolalar ombudsmani o‘z vakolatlari doirasida mazkur holat yuzasidan kuzatuv olib bormoqda.