Toshkent shahri Yunusobod tumanining Osiyo ko‘chasidagi sobiq astronomiya bog‘i — O‘zgidromet, Astronomiya va Seysmologiya institutlari o‘rtasida joylashgan hudud jamoatchilik ekoparkiga aylantiriladi. 7-sentabr kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida mazkur loyiha bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi, deya xabar bermoqda tadbirda qatnashgan “Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov.

2017-yilda 5,5 gektardan iborat mazkur hududni “Astronomiya va aeronavtika” bog‘iga aylantirish to‘g‘risida O‘zbekiston prezidentining qarori imzolangandi. Oradan besh yil o‘tib, poytaxtning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ushbu hududni “Zamonaviy gul bog‘i”ga aylantirish bo‘yicha qaror chiqargan. Ammo har ikki loyiha ham oxirigacha amalga oshmay qolgan.

Hududning hozirgi qiyofasi.Foto: Murod Yusuf / “Gazeta.uz”Hududning hozirgi qiyofasi.
Foto: Murod Yusuf / “Gazeta.uz”

oxygen park, park, ekologiya vazirлиги

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, ushbu hudud sentabr boshida vazirlik tasarrufiga o‘tkazildi. U yerda Oxygen park nomli jamoatchilik parki tashkil etiladi.

“Bu yer qachonlardir astronomiya parki bo‘lgan, oxirgi yillarda esa rasvo ahvolga keltirildi. Mazkur hududni saqlab qolamiz, deb hech kim ishonmagandi. U yerda katta qurilish ishlari qilinishi va bir nechta ko‘p qavatli uylar tushishi kerak edi, boshidan hech qanday astronomiya parki qilish rejasi bo‘lmagan. Hatto Gidrometeorologiya xizmati markazi binosi buzilib, uning o‘rnida ham katta uylar tushishi kerak bo‘lgan. U hududda yashil park barpo etishga qaror qilganimizdan keyin juda ko‘p to‘siqlarga uchradik, bizga juda qiyin bo‘ldi. Chunki u hududga da’vogarlar ko‘p ekan. Qattiq harakat qilganimiz uchun hududni vazirlik tasarrufiga o‘tkazdik. Ammo haligacha „ertaga rasvosini chiqarib, buzib tashlashadi“, „turli noxush holatlar kuzatiladi“, degan fikrlar bildirilyapti. O‘ylashimcha, bunday xatti-harakatlar kuzatilmaydi va jamoatchilik birgalikda yashil park qurishga erishamiz”, — dedi vazir.

Vazirlik huzuridagi “Yashilloyiha” loyihalashtirish instituti direktori o‘rinbosari Farhod Dehqonovning ta’kidlashicha, hozirga qadar parkdagi o‘simlik dunyosining yarmi yo‘q qilingan.

“Haqiqatan, park oxirgi yillarda qarovsiz bo‘lib, abgor holatga kelib qolgandi. Bugungi kungacha parkning 50 foiz o‘simlik dunyosi yo‘q qilingan. Toshkent shahri hokimining qarori bilan tadbirkor parkni tiklashi kerak edi. Ming afsuski, u investitsiya shartlarini bajarmagani uchun yer hokimlik balansiga qaytarib olingan. Shu orada hudud tadbirkor tomonidan abgor holatga keltirilgan. Bizning maqsad — bog‘ni yana avvalgi yashil hududga aylantirish”, — dedi u.

Unga ko‘ra, ushbu 5,5 gektar hududning vazirlik tasarrufiga o‘tgani jamoatchilikning katta yutug‘i bo‘ldi.

“Park nomini shartli ravishda Oxygen deb nomladik. Bu kislorod, havo, degan ma’nolarni bildiradi. Toshkent shahrida qurilish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish rivojlangani sari shahar havosi yomonlashib, ifloslanyapti. Jamoatchilik aralashuvi bilan mana shunday parklarning tiklanishi va mavjudlarining kengaytirilishi, albatta, poytaxt havosini yaxshilashga olib keladi. Jamoatchilik bilan birga Toshkentning navbatdagi kichkinagina o‘pkasini yaratmoqchimiz. Ilm-fan rivojlangan hududda joylashgan mazkur park, albatta, aholi uchun sevimli maskanga aylanadi”, — dedi Farhod Dehqonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Oxygen park loyihasini ishlab chiqishda Italiyaning Af Management kompaniyasi ham qatnashgan. Loyiha konsepsiyasi park hududini yashil maydonlar va xiyobonlar bilan obodonlashtirish, markaziy maydon, konsertlar uchun yashil ochiq amfiteatr, manzarali ko‘l, ekokafe, interaktiv o‘yinlar maydoni, kutubxona, atirgul bog‘i, badiiy galereya, sharshara, kitobxonlik bog‘i, bolalar maydonchasi, shaxmat bog‘i va tabiat qo‘ynida dam olish uchun mo‘ljallangan boshqa inshootlarni o‘z ichiga olgan.

oxygen park, park, ekologiya vazirлиги

Farhod Dehqonov.

“Loyihada bog‘ning asosiy elementiga aylanadigan keng ko‘kalamzorlashtirish hududini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Rejalarda noyob va mahalliy turdagi daraxt hamda butalarni ekish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu nafaqat hududni obodonlashtirish, balki shahardagi ekologik vaziyatni yaxshilashga ham xizmat qiladi. Bog‘da joylashgan astrograf minorasini kutubxonaga aylantirish rejalashtirilgan va uning atrofida yulduzlarni kuzatish uchun qorong‘i joylar yaratiladi”, — dedi Farhod Dehqonov.

Uning qayd etishicha, parkda Oqqo‘rg‘on kanali qayta tiklanadi, qirg‘oqlari tosh bilan o‘raladi. Kanal bo‘ylab soyali daraxtlar va yashil o‘simliklardan iborat yo‘lak obodonlashtiriladi. Shuningdek, bog‘da 100 dan ortiq atirgul turlarini o‘z ichiga olgan 4000 kvadrat metr atirgulzor barpo etiladi.

oxygen park, park, ekologiya vazirлиги

Loyiha taqdimotidan so‘ng ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov aholi va OAV vakillarining savollariga javob qaytardi. Uning qayd etishicha, park hududida birorta attraksion ham, restoran ham bo‘lmaydi.

“Oldingi investorlar qilgan xatolarni qaytarish rejamiz yo‘q. Park loyihasini amalga oshirishda investor ham, boshqasi ham qatnashmaydi, bu faqat jamoatchilik loyihasi bo‘ladi. Ko‘pchilik parkda, albatta, attraksion ham bo‘lishi kerak, deb o‘ylaydi. O‘zbekistondagi deyarli barcha hokimlar ham parklarga attraksion qo‘yish kerak, deydi. Biz esa attraksionsiz park yaratib ko‘rishni maqsad qildik. Xorij tajribasidan ko‘rish mumkinki, zamonaviy parklarning birortasida chiqindi qutilari yo‘q. Odamlar chiqindisini o‘zi bilan birga olib ketishi kerak. Biz ham mana shu talabni joriy qilamiz. Bu eksperiment bo‘ladi, ishlaydimi yoki yo‘q — buni vaqt ko‘rsatadi. Birorta ham to‘sig‘i yo‘q parkni Yaponiyada ko‘p ko‘rganman, Nyu Yorkda ham bor bunaqa joylar. Shu sababli ushbu park atrofida ham hech qanday panjara-to‘siqlar o‘rnatilmaydi, ochiq joy bo‘ladi. Aholi xohlagan vaqtida — 24 soat davomida bemalol borishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, kameralar o‘rnatiladi, yoritish tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi. Qisqasi, biz birinchi marta sokin park qilmoqchimiz”, — dedi vazir.

“Park hududidagi 2 ta observatoriya saqlab qolinadi va restavratsiya qilinadi. Ular borligini inobatga olib, namunali park qilmoqchimiz, ya’ni yillar o‘tsa ham, u yerda hech qanday qurilish bo‘lmasligi uchun parkni tabiiy meros ro‘yxatiga kiritishni rejalashtiryapmiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Loyiha davlat budjetidan moliyalashtirilmaydi”

Hukumat vakili loyiha qaysi manbalar hisobidan moliyalashtirilishi, jarayon vaqtida mablag‘ yetmay qolsa, investorlar qo‘shilishi ehtimoli haqidagi savolga ham javob berdi.

“Hamma narsa albatta, mablag‘ga borib taqaladi. Lekin bu loyiha davlat budjeti mablag‘laridan emas, ko‘proq jamoatchilik bilan birga qilinadi. Vazirlik ham „Yashil makon“ dasturi doirasida mablag‘lar ajratadi. Park loyihasini amalga oshirishda aholi ham, o‘sha yerda yashovchi fuqarolar ham daraxt yo mablag‘ tomonlama o‘z hissasini qo‘shishi mumkin. Bu borada ularni hech kim majburlamaydi. Masalan, o‘zim nafaqat vazir, balki oddiy fuqaro sifatida parkka bir qancha daraxtlar ekib, mablag‘ ajratish niyatim bor. Balki boshqalarda ham shunday niyat paydo bo‘lar. Bundan tashqari, daraxtlarni noqonuniy ko‘chirgan yoki kesganlarga nisbatan qonunchilikda 100 tadan ortiq daraxt ekish majburiyati yuklatilgan. Shunday daraxtlar ham mazkur parkka o‘tqaziladi. Shuningdek, bir qancha fondlar hamda tabiatni asrashga hissa qo‘shish maqsadi borligini men bilan uchrashuvlarda takror-takror aytadigan yirik korxonalar rahbarlari va chet el investorlari ham yordam beradi, deb o‘ylayman. Dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra, ushbu park katta xarajat talab qilmaydi. U yerga o‘zimizning mahalliy daraxtlarni ko‘proq ishlatamiz”, — dedi Abduhakimov.

Bog‘ nomi nega xorijiy tildan olinyapti?

Loyiha taqdimotida aholi vakillaridan biri parkka nega aynan Oxygen nomi berilgani, bu so‘z o‘zbekcha emasligi haqida so‘radi.

“Hamma endi o‘ziga yoqqanini qiladi. Xohlasangiz, o‘zbekcha nom qo‘ysak ham bo‘ladi, farqi yo‘q. Oxygen bu xalqaro so‘z, inglizcha ham emas, bu — lotin tilidagi so‘z. [Parkka bu nom berilsa] odamlar Oxygen nima ekaniga qiziqib, qidira boshlaydi. Misol uchun, nomni eshitsangiz, qo‘lingizda smartfon bo‘lsa, bu so‘z ma’nosini qidirib ko‘rasiz, buni xohlasangiz ham kerak. Shu sababli brending nuqtai nazardan shu so‘zni lozim topdik. Lekin ko‘p takliflar berildi: „Astronomiya“, „Kosmik“ degan variantlar ham bo‘ldi, ko‘p o‘ylandik. Ammo noan’anaviy bir narsa bo‘lsa, odamlarni qiziqtiradi. Bir, ikki yildan keyin hech bir odam bu so‘zning farqini ham sezmaydi. Bilasizlar, har bir mavjud til yillar davomida yangi so‘zlar bilan boyitib borilgan. Misol uchun, nimaga biz o‘zbek tilini bu so‘z bilan boyitmaymiz? Sizlar bu nom bizga umuman to‘g‘ri kelmaydi, biz bu nomga qarshimiz, deb aytsalaringiz, mayli, qandaydir nomni taklif qilinglar. Bu masalada so‘rovnoma o‘tkazaylik, balki tanlov ham qilishimiz mumkin, odamlar o‘ziga ma’qul kelganini tanlasin. Biz shu sababli ham jamoatchilik eshituvini tashkil qildik”, — dedi vazir.

Aziz Abduhakimov hududdagi mavjud daraxtlar va ularning taqdiri to‘g‘risidagi savolga javob berarkan, ularning ko‘pi kasallangani, ular orasida kesiladiganlari ham borligini aytdi.

oxygen park, park, ekologiya vazirлиги

“Kesilgan daraxtlarni parkning o‘ziga ishlatamiz: o‘rindiqlar, eko yo‘laklar va manzarali narsalar yasash tizimini qilmoqchimiz. Shuningdek, parkka qo‘shimcha 400 ta daraxt va turli o‘simlik, buta ekiladi. Hududga tabiiy o‘simliklarni ko‘proq ekib, hayvonot dunyosini ham tiklash rejamizda bor. Qushlar, turli hasharotlar ko‘payishi, tabiiy va sokin park bo‘lishi kerak. Shu orqali ekotizimni tiklash maqsadimiz bor. Suvni tejash uchun sug‘orish tizimida zamonaviy texnologiyalardan foydalaniladi hamda kichkina ko‘lda yig‘ilgan yomg‘ir va qor sug‘orish uchun ham ishlatiladi”, — dedi vazir.

Toshkent shahri ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Akmal Rasulovning aytishicha, park hududi xatlovdan o‘tkazilgan. U yerda 700 ga yaqin daraxt va buta mavjud bo‘lib, 35 ta daraxt to‘liq va 15 ga yaqinining tepa qismi qurigan. “Ushbu hudud oldin tadbirkorga berilgani hammaga ma’lum. Unga nisbatan hujjatlar to‘planib, huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga berilgan va tadbirkorga nisbatan jinoyat ishi ochilgan”, — dedi Akmal Rasulov.

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovga ko‘ra, ayni paytda hududda tozalash ishlari boshlangan. “Jamoatchilik eshituvidan keyin tayyorgarlik ishlari boshlanadi. Ekopark uzog‘i 1,5 yil ichida tayyor holatga keladi. Keyingi yil yakunigacha tugatishni rejalashtiryapmiz”, — dedi u.