12−13-sentabr kunlari Xorazm viloyati Xiva shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining ikkinchi parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston parlamentlari rahbarlari va delegatsiyalari ishtirok etdi, deb xabar berdi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.

Anjuman avvalida Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini Senat raisi Tanzila Narbayeva o‘qib eshittirdi.

Narbayeva o‘z nutqida mintaqaning hamma davlatlari taraqqiyotini bevosita MOning barqarorligi va farovonligiga uzviy bog‘liq holda ko‘rishini, kelishuvlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun parlamentlararo hamkorlik muhimligini ta’kidladi.

parlamentlararo forum, senat, tanzila narbayeva

“Bugun barchamizda umumiy qarash shakllanmoqda — ya’ni mintaqa taraqqiyoti, xavfsizligi va farovonligi bo‘linmasdir va umumiy taqdirga ega. Zero madaniyati, urf-odati va an’analari, qadriyatlari bir bo‘lgan xalqlarda do‘stlik va hamkorlikdan boshqa yo‘l ham mavjud emas. Shundan kelib chiqib, biz parlament vakillari o‘zaro aloqalarimizning keyingi istiqbollarini belgilab olishimiz kerak”, — dedi Senat raisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda ro‘y berayotgan murakkab vaziyat, atrofdagi holatning o‘zi MO mamlakatlarining yanada jipsroq bo‘lishini taqozo qilmoqda.

Anjumanda qatnashgan BMT bosh kotibining maxsus vakili Kaxa Imnadze forum parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashinuvini rivojlantirish, mavjud muammolar bo‘yicha o‘zaro yechimlar topishda ijobiy rol o‘ynashini qayd etdi.

parlamentlararo forum, senat, tanzila narbayeva

“Ushbu forum O‘zbekistonning mintaqadagi hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdagi muhim rolini yana bir bor tasdiqlaydi, — dedi u. — O‘z navbatida, xalqaro maydonda murakkab holat, qarama-qarshilik saqlanib turgan bir vaqtda Markaziy Osiyo mintaqasi barqaror hamkorlikning namunasini namoyish etmoqda. Bunda davlat rahbarlari o‘rtasidagi Maslahat kengashi mexanizmi asosiy rol o‘ynamoqda”.

Bundan tashqari, forum doirasida Tanzila Narbayeva Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston parlamentlari palatalari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlarda mintaqada qayd etilgan natijalar “davlatlar rahbarlarining o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlari” tufayli ro‘y berayotgani alohida ta’kidlandi.

parlamentlararo forum, senat, tanzila narbayeva

Shuningdek, muhokamalar davomida parlamentlararo aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish, oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishda parlament nazoratidan unumli foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu borada parlamentlararo do‘stlik guruhlari va hamkorlik komissiyalari faoliyati samaradorligini oshirish lozimligi qayd etildi.

Tomonlar mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha huquqiy asoslarni takomillashtirish, mahalliy vakillik organlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish ishlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.