Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Muhteshem Doner restorani mijozlar ommaviy zaharlanishi ortidan vaqtincha yopildi. Sanitariya-epidimiologiya qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 6−8-sentabr kunlari poytaxtda ovqatdan zaharlanish belgilari bilan jami 23 nafar shaxs shifoxonaga joylashtirilgan.

Ularning 22 nafari Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga hamda 1 nafari Toshkent shahri 4-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan.

Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, ularning barchasi 5-sentabr kuni tumanning Niyozbek yo‘li ko‘chasida joylashgan Muhteshem Doner restoranida bir necha turdagi taomni iste’mol qilgan.

Birlamchi epidemiologik surishtiruv natijalariga ko‘ra, zaharlanishga restoranda tayyorlangan sous (uni bemorlarning barchasi iste’mol qilgan) sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelingan.

Jabrlanuvchilardan birining Kun.uz`ga xabar berishicha, 6 fuqaro tushlik vaqtida restoranga kirgan va ularning ahvoli kechga borib yomonlasha boshlagan.

“Ishxonamiz shu atrofda bo‘lgani uchun 5-sentabr kuni tushlik qilgani 6 nafar hamkasbim bilan birga chiqdik. O‘sha kuni kechga borib birin-ketin hammamizning ahvolimiz yomonlasha boshladi. Holsizlanish, ko‘ngil aynishi bilan boshlanib, qorinda kuchli og‘riq paydo bo‘ldi. Ketma-ket qayt qila boshladim va 41 daraja isitma holatida shifoxonaga keldim. 6 kishidan 5 nafarimiz hozir kasalxonadamiz. Bir nafar hamrohimiz biz iste’mol qilgan sousdan yemagan edi. Unda bu holat kuzatilmadi”, — dedi bemorlardan biri.

Olib borilgan davolash muolajalari natijasida bemorlarning ahvoli yaxshilangani va 12-sentabr 09:00 holatiga ko‘ra, ularning 13 nafariga uylariga ruxsat berilgani ma’lum qilindi. Qolgan 10 nafar bemorni davolash ishlari davom ettirilmoqda va kasallik dinamikasida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilyapti, deyiladi xabarda. Ayni paytda barcha bemorlarning ahvoli qoniqarli ekani aytilmoqda.

Hozirda iste’mol qilingan oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlaridan namunalar olinib, laboratoriya tekshiruvlari davom etmoqda. Bosh prokuratura holat yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlagan.