12-sentabr kuni Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti (Qirg‘iziston tomonidan “Kensay”) tantanali ravishda ochildi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, mazkur bojxona postidan bir kunda o‘rtacha 10 ming nafar fuqaro o‘tishi mumkin. U orqali 500 dan ortiq yukli hamda 300 dan ortiq yengil avtotransport vositasi harakatlanishi kutilmoqda.

Ushbu post geografik jihatdan bevosita Qirg‘izistonning “O‘sh-Bishkek” dovon avto yo‘liga yaqin hisoblanadi.

O‘zbekistonning “Uchqo‘rg‘on-Avtoyo‘l” va Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidagi “Kensay-Avtoyo‘l” nazorat-o‘tkazish punktlari sayyohlarning Qirg‘iziston hamda Xitoyga o‘tib qaytishlari va tranzit o‘tishlari uchun eng qisqa yo‘l hisoblanadi, deyiladi xabarda.

Tojikistonning Xo‘jand viloyatidan Rossiya, Xitoy hamda Qirg‘iziston davlatlariga olib o‘tiladigan tranzit yuklar ham “Uchqo‘rg‘on” chegara posti orqali harakatlanishi natijasida Andijon viloyati “Do‘stlik” chegara postidagi transport oqimi 30−40 foizga kamayishi kutilmoqda.

Qo‘mitaning bildirishicha, mazkur o‘tkazish punkti 2016-yilda Kirgiziston tomonidan bir tomonlama yopib quyilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, shu kuni Andijon viloyatidagi Qirg‘iziston bilan chegaradosh “Qorasuv” chegara bojxona posti 14 yillik tanaffusdan so‘ng qayta ochildi. Postdan kuniga 12 mingdan ortiq odam o‘tib-qaytishi mumkin.