12-sentabr kuni Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Qorasuv” chegara bojxona posti tantanali ravishda ochildi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Qo‘rg‘ontepa tumanining Qorasuv shahrida joylashgan “Qorasuv” va O‘sh viloyatining “Korasuu” o‘tkazish punkti 14 yil avval yopilgan. Ularning faoliyatini qayta tiklash ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvga asosan amalga oshirilgan.

“Qorasuv” chegara bojxona posti 3 gektardan ziyod maydonga ega bo‘lib, undan kuniga 12 ming nafardan ziyod fuqarolar o‘tib-qaytishlari mumkin. Post orqali yo‘lovchilar asosan yopiq inshootlar bo‘ylab harakatlanishadi.

“Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh viloyatidan Jalolobod viloyatiga o‘tish uchun shu vaqtga qadar 120 km masofa bosib o‘tilgan bo‘lsa, endi ushbu masofa 101 kilometrga qisqarib, O‘zbekiston hududi bo‘ylab tranzit tarzida atigi 19 km harakatlanish kifoya”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Shu kuni Namangan viloyatida “Uchqo‘rg‘on” nazorat-o‘tkazish punkti ham ochiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2010-yilning mart oyida O‘zbekiston O‘sh viloyatining Aravon tumani va Andijon viloyatining Marhamat tumanini bog‘lovchi yirik “Qorasuv-Avtodorojniy” o‘tkazish punktini bir tomonlama yopib qo‘ygandi. Chegara yaqinida yashovchi Qirg‘iziston aholisi punktdan nafaqat avtomobillar, balki piyodalar ham o‘tkazilmasligini aytishgandi.

O‘zbekistondan Qirg‘izistonga avtomashinada o‘tmoqchi bo‘lganlar “Qorasuv” NO‘Pdan 25 km uzoqlikda joylashgan “Do‘stlik-Avtodorojniy” NO‘Pdan foydalanishlari kerak edi. 2022-yilning aprel oyida Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaralarida qo‘shimcha 3−4 o‘tkazish punkti ochilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.

2023-yilning may oyida tarmoqlarda O‘zbekiston tomoni 2010-yilda faoliyati to‘xtatilgan “Bekobod-Xonobod” NO‘P yaqinidagi devorni buzayotgani aks etgan video tarqalgandi. O‘shanda “Qorasuv” va “Kara-Bagish” NO‘Plarning ham ochilishi kutilayotgani xabar qilingandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari 2023-yilning 1-sentabrdan boshlab ikki mamlakat chegarasini ID karta orqali kesib o‘tishlari mumkin.