Markaziy bank inflyatsiyani yil yakuniga qadar prognoz ko‘rsatkichlarigacha pasaytirish va o‘rta muddatli istiqbolda 5 foizlik targetga erishish maqsadida asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deb xabar berdi Markaziy bank matbuot xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, Iqtisodiyotdagi yuqori talab hamda ayrim turdagi oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxida kuzatilgan o‘sish sur’atlari pul-kredit sharoitlari qat’iyligini joriy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Qayd etilishicha, yuqori iqtisodiy faollik va aholi daromadlarining barqaror o‘sib borayotgani yalpi talabni oshiruvchi asosiy omillardan bo‘lmoqda.

Umumiy inflyatsiya so‘nggi 3 oyda sezilarli o‘zgarishsiz saqlanib, avgustda yillik 10,5 foizga teng bo‘ldi. Joriy yilda meva-sabzavotlar narxi pasayishi inflyatsiyaga qariyb 1 foiz bandlik pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatdi. O‘z o‘rnida, yil boshidan pasayuvchi tendensiyaga ega bo‘lgan bazaviy inflyatsiya iyun oyidan so‘ng yillik hisobda pasayishdan to‘xtadi.

Ta’kidlanishicha, yanvar-iyul oylarida iqtisodiyotda yuqori ishlab chiqarish faolligi kuzatilib, yalpi talab va taklif o‘rtasidagi tafovut qisqarib bormoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarish, qurilish ishlari va xizmatlar sohasida real o‘sish sur’atlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori shakllandi.

Iqtisodiy faollikdagi ijobiy tendensiyalar savdo va pullik xizmatlar, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshishida ham kuzatilgan.

Bank tizimi umumiy likvidligining oshishi hamda asosiy stavkaning iyul oyidagi pasaytirilishi ta’sirida pul bozorida foiz stavkalarining ma’lum darajada pasayishi kuzatildi. Bu, o‘z navbatida, davlat qimmatli qog‘ozlari bozoriga ham ta’sir ko‘rsatib, ular bo‘yicha daromadlilik darajasini pasayishida aks etdi.

Markaziy bankning prognoz qilishicha, kelgusida ham iqtisodiyotdagi yuqori investitsion va iste’mol faolligi yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Davlat budjeti xarajatlari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning faollashuvi investitsion talabni ta’minlasa, xorijdan pul o‘tkazmalari hajmining yuqoriligi aholining real daromadlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iste’mol talabi dinamikasida namoyon bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, sentabr-oktabr oylarida pensiyalar va budjet tashkilotlarida ish haqlari oshirilishi ham kelgusi choraklarda iste’mol talabini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Almashuv kursi dinamikasi va oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqaror shakllanayotgani aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iyul oyida kutilmalar 11−12 foizgacha pasaygan bo‘lsa, avgust oyida pensiya va davlat sektorida ish haqlarining kutilayotgan oshishi va yoqilg‘i resurslarining qimmatlashishi ta’sirida 12−13 foizni tashkil qildi.

Tashqi savdo balansining yaxshilanishi va pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli oshishi ta’sirida joriy operatsiyalar hisobvarag‘i taqchilligining ham qisqarib borishi kutilmoqda. Bu esa, almashuv kursiga ehtimoliy fundamental bosimlarning kamayishiga va joriy barqaror dinamikaning davom etishiga xizmat qiladi.

Inflyatsiyani yil yakuniga qadar belgilangan prognoz darajasigacha pasaytirish asosiy stavkani o‘zgarishsiz saqlab qolishni taqozo etmoqda, deyiladi regulyator xabarida.

Pul-kredit sharoitlarining joriy nisbatan qat’iy darajasining saqlab qolinishi ta’sirida iqtisodiyotda shakllanadigan yuqori jamg‘arish faolligi va milliy valyutadagi depozitlar jozibadorligi yalpi talabning muvozanatlashuviga va inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘rta muddatli istiqbolda Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini ta’minlashda davom etadi. Bunda, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi hamda inflyatsion omillarning shakllanishidan kelib chiqib qarorlar qabul qilinadi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024-yil 24-oktabrga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Markaziy bank inflyatsiya xavfi pasayishi fonida asosiy stavkani yillik 13,5 foizgacha pasaytirishga qaror qilgan edi. Asosiy stavka yetti yil ichida birinchi marta 14 foizdan pastga tushgandi.