Rossiyada mehnat muhojirlariga o‘z oilalarini mamlakatga olib kelishni taqiqlovchi qonun loyihasi tayyorlanmoqda. Bu haqda Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin “Rossiya 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Biror kishi ishlash uchun kelarkan, o‘z oila a’zolarini birga olib kelishi mumkin emas. Biz hozirda bunday yondashuvni federal qonun darajasida amalga oshirishga harakat qilmoqdamiz”, — dedi Volodin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Davlat dumasi deputatlarining aksariyati, qaysi fraksiyaga mansubligidan qat’i nazar, ushbu tashabbusni “aniq qo‘llab-quvvatlaydi”.

Volodin, shuningdek, fuqarolikni olish uchun soxta nikohlarning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilinganini ma’lum qildi. Bunday holda nikohda bo‘lish muddati bir yildan ikki yilgacha uzaytirilishi mumkin.

Volodin 4-sentabr kuni Samaradagi Davlat dumasi kengashining sayyor yig‘ilishida mehnat muhojirlari oilalarining Rossiyaga ko‘chishiga qarshi chiqdi. “Biz ishga keladigan quyi malakali mehnat muhojirlari haqida gapirganda, ular ishlash uchun kelishi va bundan ortiq hnch nima bo‘lmasligi uchun qaror qabul qilishimiz kerak”, — dedi u.

Siyosatchining ta’kidlashicha, ishchining kundalik hayotini uni yollagan korxona belgilashi kerak, “qarindoshlar va oilalarga kelsak, ular ishchi kelgan mamlakatda kutib turishlari lozim”. “Bu yerga hammani ko‘chirib kelish shart emas”, — dedi Volodin. U, shuningdek, Rossiyaga boshqa davlatdan ishlashga kelgan shaxs rus tilini bilishi, mahalliy urf-odatlarga hurmat ko‘rsatishi va qonunlarga rioya qilishi muhimligini qo‘shimcha qildi.

Mehnat migrantlariga o‘z oilalarini olib kelishni taqiqlash tashabbusi bilan avvalroq LDPR partiyasi chiqqandi. Avgust oyida partiya tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi Rossiya Federatsiyasida vaqtincha ishlayotgan shaxsning qarindoshi ekaniga asoslanib, xorijliklarning Rossiyaga kirishini taqiqlashni taklif qilgan. Hujjatda aytilishicha, gap mamlakatda faqat mehnat shartnomasi yoki patent asosida bo‘lgan quyi malakali mutaxassislar haqida ketmoqda.

“Mehnat migrantlarining oilalari ularni o‘z vatanida kutishi kerak. Rossiyaga kelgan ish bilan ta’minlangan xorijliklarning yaqinlari ixcham anklavlarda yashaydi, o‘z tillarida gaplashadi, mahalliy aholiga mensimay munosabatda bo‘ladi. Ko‘pincha bunday muhojirlarning kvartiralari uy-joy kommunal xo‘jaligi uchun pul to‘lamaydi… Bu muammolarning barchasini bartaraf etish va malakasiz xorijliklarga ishga joylashish davrida oilasini olib kelishini taqiqlash kerak. Keldi, ishladi — uyga. Boshqa gap bo‘lishi mumkin emas”, — degan o‘shanda partiya rahbari Leonid Slutskiy.

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham migrantlarga o‘z oilalarini mamlakatga olib kelishni taqiqlashga chaqirdi. “Agar odam mavsumiy ish uchun kelsa, nega u o‘z oilasini o‘zi bilan olib keladi?” — dedi Medvedev. Shuningdek, u Rossiya maktablarida o‘qiyotgan muhojirlarning farzandlarini rus tilini o‘rganishga majburlashni taklif qildi.

  • RBK nashrining ta’kidlashicha, Rossiya hukumati “Krokus Siti Holl”dagi terakt oqibatida 140 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 500 dan ortiq kishi jarohatlanganidan keyin muhojirlarga nisbatan ritorikani kuchaytirishni boshlagan. Terakt uchun mas’uliyatni ISHID-Xuroson o‘z zimmasiga olgan. Ish bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelganlar gumon qilinuvchilar hisoblanadi.