O‘zbekiston suzish federatsiyasi mansabdor shaxslari soha uchun ajratilgan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘larni talon-toroj qilingani aniqlandi, deya xabar qildi Bosh prokuratura.

Xususan, ajratilgan mablag‘lar hisobidan terma jamoa a’zosi bo‘lmagan, aslida federatsiya bosh kotibi A.G.ning oila a’zolari bo‘lgan N.G., M.G. va boshqa jami 15 nafar fuqarolarni Turkiya davlatiga dam olishga yuborilib, 405 mln so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan.

Shuningdek, amalda o‘tilmagan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlar uchun soxta buyruqlar asosida 458 mln so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilgan.

Bundan tashqari, federatsiyaga xalqaro musobaqa va o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun homiylar tomonidan ajratilgan 1,2 mlrd so‘m mablag‘lar maqsadsiz sarflanib, talon-toroj qilingan.