11-sentabr kuni Tojikiston oliy muftiysi, Ulamolar kengashi raisi Saidmukarram Abdulqodirzodaning tanasiga sanchib-kesuvchi tig‘ bilan zarba berildi, deya xabar qildi mamlakat Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Voqea soat 17:20 larda Dushanbe shahri markaziy masjidi oldida namozdan so‘ng sodir bo‘lgan.

Hujum qilgan shaxs ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlangan. Abdulqodirzoda hujum tufayli yengil jarohat olgan va shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazilgach, yashash manziliga kuzatib qo‘yilgan, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Saidmukarram Abdulqodirzoda 61 yoshda. U 2010-yil oktabr oyidan buyon Tojikiston Ulamolar kengashiga rahbarlik qilib kelmoqda.