Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan, ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya va Milliy razvedka xizmati direktori Ibrohim Qalindan iborat delegatsiya bilan uchrashadi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

“Bunday formatdagi uchrashuvlar ilk bor o‘tkazilmoqda hamda O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlarida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan”, — dedi u.

Turkiya delegatsiyasi O‘zbekiston prezidentining 6−7-iyun kunlari ushbu mamlakatga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq Toshkentga tashrif buyurgan.

Ikki tomonlama muzokaralar hamda tashqi siyosat, huquqni muhofaza qilish idoralari va maxsus xizmatlar rahbarlarining qo‘shma uchrashuvini o‘tkazish rejalashtirilgan.

“Mamlakatlarimiz yetakchilarining qarorlarini amalga oshirish, xavfsizlik uchun zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashda o‘zaro muvofiqlashuv va amaliy hamkorlikni kuchaytirish masalalari diqqat markazida bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.