Shavkat Mirziyoyev 12-sentabr kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan, ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya va Milliy razvedka xizmati direktori Ibrohim Qalindan iborat delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Uchrashuv avvalida mehmonlar O‘zbekiston rahbariga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning salomini yetkazdi.

Muhokama davomida Shavkat Mirziyoyevning 6−7-iyun kunlari Turkiyaga qilgan rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar ikki davlat vazirlari va idoralari rahbarlari o‘tkazgan qo‘shma uchrashuv natijalari yuqori baholadi. Qabul qilingan “yo‘l xaritasi"ga muvofiq muntazam va tizimli aloqalarni davom ettirish, bunday muzokaralar formati va kun tartibini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

hakan fidan, prezident, turkiya

Uchrashuvda siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama etildi. Xavfsizlikka zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo hamkorlikni kuchaytirish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik va xalqaro tashkilotlar doirasidagi sheriklikning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Milliy razvedka tashkiloti rahbarlari avvalroq O‘zbekiston DXX bilan terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qilgandi.