21-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani sudi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasida xizmat qilgan 48 yoshli o‘zbekistonlik ustidan hukm chiqardi. “Gazeta.uz” sud qarorini o‘rgandi.

Ish materiallariga ko‘ra, 2022-yil sentabr oyida poytaxtlik (1976-yilda tug‘ilgan) B.Z. Rossiyaga ishlash uchun ketgan. U pul topish maqsadida ketganini kattaroq xonadon sotib olmoqchi bo‘lgani bilan izohlagan. O‘shanda u (oilada yagona boquvchi), nogironligi bor rafiqasi, onasi, singlisi va uch farzandi — jami yetti kishi ikki xonali kvartirada yashagan, xususan, u rafiqasi bilan oshxonada turgan.

Erkak RFga “Toshkent-Novosibirsk” avtobusida “G‘ishtko‘prik” chegara posti orqali yo‘l olgan. 2023-yil 20-maygacha bitta korxonada novvoy bo‘lib ishlagan. O‘sha paytlarda u Telegram kanallaridan birida “Vagner” XHKning reklamasini ko‘rgan.

Unga jangovar harakatlarda qatnashganlik uchun ish haqi 240 ming rubl (43,8 million so‘m) bo‘lishi, shuningdek, 21 kun davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tayotganda yana 45 ming rubl to‘lanishi ma’lum qilingan. U rozi bo‘lgan va Krasnodardagi harbiy bazaga borgan.

Sudda erkak “orqaga qaytib bo‘lmasligi va u jangda o‘lishi mumkinligi”dan ogohlantirilganini aytdi. Erkak unga pul kerak bo‘lganini, shuning uchun xizmat qilishga rozi bo‘lganini bildirdi.

Olti oyga tuzilgan shartnoma shartlarida u jangovar harakatlar paytida barcha buyruqlarni bajarishi va agar unga Rossiya Federal xavfsizlik xizmatidan (“FSB”) bog‘lanishsa, “Vagner” haqida ma’lumot bermasligi, shuningdek, ehtimoliy o‘limdan so‘ng tobuti va xizmati uchun pulni yuborish kerak bo‘lgan mamlakat va yashash joyi manzilini ko‘rsatishi qayd etilgandi.

Erkak, shuningdek, oila a’zolarining sonini va ularning yashash joylarini ko‘rsatishi kerak edi.

U shartnoma imzolagandan so‘ng telefoni va shaxsiy buyumlari olib qo‘yilib, harbiy kiyim bilan ta’minlangan. Kompyuterga uning ismini yozib, T-4949 belgisi bilan boshqa, “B” ismini qo‘yishgan, shuningdek, AK-74 avtomati bilan ta’minlashgan.

So‘ng ko‘rsatmalar berishgan, kompaniyadagi ichki tartib qoidalarni tushuntirishgan, sheriklariga shaxsiy ma’lumotlarini oshkor etmaslik, ulardan shunday ma’lumotlarni so‘ramaslik, bir-birlariga shartli nomlar bilan murojaat qilish, aloqa vositalaridan foydalanmaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berishgan.

Bundan tashqari, agar sheriklari jang paytida orqaga chekinsa, ularni otishlari, shuningdek, jang paytida yaradorlarga yordam berishlari kerak edi. Ularga spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarni iste’mol qilish, shuningdek, o‘zaro janjallashish taqiqlangan. Agar ular o‘z safdoshlari yoki qo‘mondoniga qurolni o‘qtaladigan bo‘lsa, ogohlantirishsiz otib tashlanishi mumkin edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ularga tinch aholi bilan muloqot qilish, ularning mol-mulkini o‘g‘irlash, ulardan oziq-ovqat va boshqa narsalar olmaslik ham taqiqlangan. Ushbu buyruqlarni bajarmaslik o‘ldirish bilan jazolangan. Bu qoidalar ““Vagner”ning og‘zaki oltin qoidalari” deb nomlangan.

U 9 nafar sherigi bilan birga harbiy qismning chodirida yashagan, ertalab soat 5 dan tushlikkacha ular jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan: yugurish, avtomat bilan pozitsiyalarni egallash, o‘tirish va yotish, hujum taktikasini o‘rganish. Tushlikdan so‘ng ular qurollardan foydalanish, ularni tozalash va yig‘ish, harakatlanayotganda minalardan himoyalanish, hujum paytida kamuflyajni o‘rgangan.

Erkak 2023-yil 23-iyunda “Vagner” XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligini XHK lageriga raketa hujumida ayblab e’lon qilgan “adolat marshi” paytida ham yordam bergan. O‘shanda XHK jangchilari Rostov-Donga kirib, harbiy va ma’muriy obyektlarni egallab olgan, shundan so‘ng, Prigojinning buyrug‘iga ko‘ra, 25 ming kishidan iborat guruhning alohida qismlari Moskva tomon yo‘l olgan va Rossiya poytaxtidan 200 km uzoqlikda to‘xtagandi.

O‘sha paytda sudlanuvchi va boshqa harbiy xizmatchilar harbiy buyumlar, oziq-ovqat va tibbiy buyumlar, harbiy kiyim va o‘q-dorilar yetkazib berishda yordamlashgan. Biroq qurol ishlatish buyrug‘i bo‘lmagani uchun u avtomatdan foydalanmagan.

Shundan so‘ng XHK jangchilari Ukrainaga, keyin esa prezident Aleksandr Lukashenko taklifi bilan Belarusga chekingan.

Ayblanuvchi harbiy kolonnada avtobusda Mogilyovdagi bazaga (Belarus sharqidagi shahar) borgan. U yerda 20-sentabrgacha uy ishlari bilan shug‘ullangan, keyin ularni Podolskga olib ketishgan. Ularga xohlovchilar Rossiya fuqaroligini olishi va pasportlari tayyor bo‘lgunga qadar shu yerda yashashi mumkinligi aytilgan.

Biroq unga pasportni olganidan keyin Afrika mamlakatlariga xizmat qilish uchun yuborilishini tushuntirishgan. Erkak 23-avgust kuni Prigojin vafot etgani sababli muddatidan oldin tugagan shartnomani uzaytirmagan va 467 ming rubl (deyarli 60 million so‘m, o‘sha kungi MB kursi bo‘yicha 5 ming dollar atrofida) maoshini olgan.

2023-yil 24-sentabr kuni Toshkentga qaytib kelgan.

Sud qarorida qayd etilishicha, u Ukrainaga qarshi Lugansk viloyati (Rossiya bosib olganidan keyin u yer Lugansk xalq respublikasi deb qayta nomlangan) hududida jang qilgan. Shuningdek, Donetsk xalq respublikasi rahbaridan 2023-yil may oyi oxirida DXRda ta’sis etilgan “Artemovskni ozod qilganlik uchun” medalini olgan.

Sudya erkakni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan aybdor deb topdi va jazoni yengillashtiruvchi holatlarni (aybiga to‘liq iqror bo‘lish, pushaymonlik, voyaga yetmagan farzandi va nogironligi bor turmush o‘rtog‘i mavjudligi) inobatga olgan holda, unga 4 yilga ozodlikdan cheklash jazosini tayinlandi.

Unga soat 22:00 dan 6:00 gacha yashash joyini tark etish, ommaviy tadbirlar, mitinglar, namoyishlarda ishtirok etish, jinoyat sodir etishga moyil shaxslar bilan muloqot qilish, O‘zbekiston hududidan tashqariga chiqish taqiqlanadi.

Avvalroq Yuqori Chirchiq sudi Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroni yollanma faoliyati uchun besh yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. OAV, tergovga ko‘ra, mahkum 2014−2015-yillarda Ukrainada o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR tomonida jang qilgani haqida xabar bergan.