Yil oxirigacha Yandex Uzbekistan Yandex Go ilovasining ishlash hududini rivojlantirish va kengaytirish hamda mamlakatda yangi xizmatlarni ishga tushirish uchun 33 million dollardan ortiq sarmoya kiritadi. Bu haqda kompaniya rahbari Izzat Shukurov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Yandex Go ilovasidan sayohatlarga buyurtma berish xizmati joriy yilda Termiz, Urganch, Xiva va Guliston shaharlarida ishga tushirilib, mavjud shaharlar soni 14 taga yetdi. Yil oxirigacha kompaniya yana bir nechta shaharlarga yetib borishni, shuningdek, mavjud shaharlarda tariflar qatorini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Elektron tijorat sohasida Yandex kichik va o‘rta korxonalar uchun yetkazib berish xizmatlarini rivojlantirmoqda. Yandex Go ichida tadbirkorlar “Yeda” xizmati bilan hamkorlik orqali “Do‘konlar” yoki “Restoranlar” toifasidagi taomlar, mahsulotlar va boshqa tovarlarni sotishni tashkil etishlari yoki Yetkazib berish xizmati yordamida o‘z mahsulotlarini marketpleysdan tashqarida jo‘natishlari mumkin.

Ikkala xizmat ham o‘z hududini kengaytiradi. Yandex Go`dan Termiz, Urganch, Xiva va Gulistonga sayohatlar yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng u yerda ham yetkazib berish ish boshladi. Tadbirkorlar uchun yechim yaqin oylarda Samarqand va Andijonda ham taqdim etiladi.

Shunday qilib, yil oxirigacha Yandex Go ilovasi O‘zbekistonning 16 ta shahrida mavjud bo‘lishi kutilmoqda. Yandex Uzbekistan ham bir nechta yangi xizmatlarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda, deb ta’kidladi Izzat Shukurov va kompaniya ular uchun zarur infratuzilmaga sarmoya kiritayotganini qo‘shimcha qildi.

“Raqamli xizmatlarning ommalashuvi shaharlar infratuzilmasini, umumiy ovqatlanish va savdo, logistika va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sohalarida kichik biznesni rivojlantirishga yordam beradi”, — dedi kompaniya rahbari.