Andijon shahridagi 5-umumta’lim maktabida kech qolgan o‘quvchi qizlar jismoniy mashq qilishga majburlandi. Holat aks etgan video Telegram kanallarida tarqaldi.

Andijon shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi️️ ta’kidlashicha, holat 12-sentabr kuni sodir bo‘lgan. O‘sha kuni maktabning 10-“Z” sinfining o‘quvchilari soat 9:20 da maktabga kelishgan.

Xabarda qayd etilishicha, ular tomonidan muntazam darsga kech qolish holatlari kuzatilayotgani bois maktabning mas’ul xodimi D.T. tomonidan o‘quvchilar tartibga chaqirilgan.

Ushbu holat maktab direktori tomonidan nazoratga olinib, o‘quvchilar darslarga kiritib yuborilgan hamda o‘quvchilarning ota-onalari bilan dars jarayonlari 8:00 dan boshlanishi va ushbu vaqtda o‘quvchilarni maktabga kelishlarini ta’minlash zarurligi yuzasidan suhbat olib borilgan.

Shuningdek, maktab direktori tomonidan mas’ul xodim D.T.ga o‘quvchilar bilan pedagogik etika qoidalariga rioya etgan holda munosabatda bo‘lishi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilib, unga nisbatan intizomiy chora qo‘llanilgan.

Avvalroq holat yuzasidan bolalar ombudsmani hamda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri munosabat bildirgandi.

“Ta’limdagi tartib-qoidalardan chetga chiqib, o‘quvchilarga nisbatan turli jazolash usullarini qo‘llash hamda bolani ommaviy izza qilish uning sha’ni va qadr-qimmatini poymol etadi — bu bolaning konstitutsiyaviy huquqlarini buzishdir. Bunday nomaqbul harakatlar javobsiz qolishi mumkin emas”, — dedi bolalar ombudsmani.

Vazir esa vazirlik ta’lim berishda bunday metodlarni umuman oqlamasligi, har bir insonga shaxs sifatida qarash, e’tiborni jazoga emas muammoni hal etishga qaratish lozim ekanini ta’kidladi.