Toshkent shahrida 1XBET bukmekerlik tovar belgisini namoyish qilgan reklama agentligiga jarima qo‘llanildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganishlar o‘tkazilgan. Unda Hamkor Reklama Servis reklama agentligi tomonidan Toshkent shahrining Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida tashqi reklama konstruksiyalari orqali 1XBET bukmekerlik reklama tovar belgisi ko‘rsatilgan holatlar aniqlangan.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 46-moddasida qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan.

Shunga ko‘ra, Maxsus komissiya tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 46-moddasi talablari buzilganligi yuzasidan Hamkor Reklama Servis agentligiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan qo‘mita vakolatlari doirasida qonunchilikda belgilangan tartibning maksimal miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanilgan. To‘plangan hujjatlar javobgarlik masalalarini ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 47-moddasida taqiqlangan mahsulot va xizmatlarni reklama qilganlik uchun BHMning 100 baravarigacha (34 mln so‘m) jarima undirilishi belgilangan.