12-sentabr kuni Budapeshtda bo‘lib o‘tgan Butunjahon shaxmat olimpiadasining ikkinchi turida o‘zbekistonlik shaxmatchilar g‘alaba qozondi.

Erkaklar terma jamoasi vakillari birinchi turda trinidad va tobagolik raqiblarini 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi. Ikkinchi turda Misr terma jamoasiga qarshi ham xuddi shunday hisob qayd etildi.

Nodirbek Abdusattorov Adham Fauzini yutdi (partiya), Nodirbek Yoqubboyev Kareym Vageyni ortda qoldirdi, Shamsiddin Vohidov Sameh Sadeqni mag‘lub etdi. Javohir Sindarov (FIDE reytingi — 2677) reytinglardagi katta tafovutga qaramay, Hamid Vafoy (2368) bilan durang o‘ynadi.

Shu bilan birga, onlayn reytingda Abdusattorov (2768,6) Alireza Feruzjani (2767) ortda qoldirib, FIDE jahon reytingida yana 5-o‘ringa ko‘tarildi.

Ayollar terma jamoasi Angolani 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Afruza Hamdamova, Umida Omonova va Marjona Malikova g‘alaba qozondi (1, 2, 3), Nilufar Yoqubboyeva esa mag‘lubiyatga uchradi.

O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi uchinchi turda Xorvatiyaga qarshi, ayollar terma jamoasi esa Vengriyaga qarshi o‘ynaydi.

shaxmat olimpiadasi

shaxmat olimpiadasi

Fotolar: UzChess / Telegram.

Olimpiada

10-sentabr kuni Budapeshtda ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan eng yirik jamoaviy shaxmat turniri — 45-shaxmat olimpiadasi boshlandi. Turnirda 381 ta jamoa ishtirok etadi, ulardan 197 tasi ochiq seksiyada, 184 tasi ayollar chempionatida.

Jamoalar har ikki seksiyada to‘rtta o‘yinchi + bitta o‘rinbosardan iborat. Musobaqa Shveysariya tizimi bo‘yicha 11 raundda o‘tkaziladi, vaqt nazorati 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, o‘yin tugashigacha 30 daqiqa qo‘shiladi, har bir yurish uchun birinchisidan boshlab +30 soniya.

Musobaqada O‘zbekiston erkaklar terma jamoasidan Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindarov, Shamsiddin Vohidov va Jahongir Vohidov, ayollar terma jamoasidan Afruza Hamdamova, Nilufar Yoqubboyeva, Umida Omonova, Marjona Malikova va Nodira Nodirjonova ishtirok etmoqda.

Erkaklar terma jamoasi murabbiyi rossiyalik Vladimir Kramnik — sobiq jahon chempioni, shaxmatning XXI asrdagi timsollaridan biri, ayollar jamoasiga esa shaxmat olimpiadasida uch marta g‘olib chiqqan rossiyalik grossmeyster Aleksey Dreyev murabbiylik qiladi.