Avgust oyida O‘zbekiston aholisi va biznesining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari yana o‘sa boshladi, bu Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovnoma natijalaridan kelib chiqadi.

Aholining narx bo‘yicha kutilmalari ikki oy davomida ketma-ket pasayib keldi, o‘tgan oy oxirida esa keskin ko‘tarilib, 13,1 foizga (iyulga nisbatan +1,1 foiz punkt) yetdi. Tadbirkorlar uchun bu ko‘rsatkich uch oy davomida ketma-ket pasayib kelgan bo‘lsa, avgust oyida u 12,5 foizgacha (+1,3 foiz) oshdi.

Toshkent viloyati aholi o‘rtasidagi pessimistik inflyatsion kutilmalar bo‘yicha yetakchiga aylandi. Mazkur viloyatda yashovchi aholi inflyatsiya 14,6 foiz bo‘lishini (+3,9 foiz), tadbirkorlar esa 13,3 foiz (+1,1 foiz) bo‘lishini kutmoqda.

inflyatsion kutilmalar, inflyatsiya, markaziy bank

Toshkent shahri (14,4 foiz, +0,7 foiz) va Sirdaryo viloyati (14,4 foiz, +1,6 foiz) aholisi hamda tadbirkorlari (mos ravishda 13 foiz va 12,8 foiz) narxlar yuqori sur’atlarda o‘sishini kutmoqda.

Jizzax (13,6 foiz) va Andijon (13,4 foiz) viloyatlari tadbirkorlarining kutilmalari boshqa hududlardagi biznes egalariga nisbatan yuqoriroq shakllandi.

inflyatsion kutilmalar, inflyatsiya, markaziy bank

Avgust oyida aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda kommunal xizmatlar narxlarining o‘sishi beshinchi oy ketma-ket narxlarning oshishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omil bo‘ldi — respondentlarning 49 foizi shu variantni tanlagan (iyulda — 51 foiz edi).

Ikkinchi o‘rinda ketma-ket to‘rtinchi oy davomida yonilg‘i va energiya resurslari (elektr energiyasi, gaz) narxlarining oshishi bo‘lib turibdi. Avgust oyida so‘rovda qatnashganlarning 46 foizi (44 foizi) bu omil keyingi 12 oy ichida narxlar oshishiga ta’sir qilishini qayd etgan.

Uchinchi o‘rindan valyuta kursining o‘zgarishi joy olgan — respondentlarning 42 foizi shunday fikrda (39 foiz edi). Keyingi o‘rinlarda ish haqi va pensiyalarning oshishi (40 foiz, 22 foiz edi), monopoliya va narxlarning sun’iy oshirilishi (27 foiz, 28 foiz edi), transport xarajatlarining oshishi (26 foiz, avvalgi oyda ham 26 foiz edi) kabi omillar qayd etilgan.

inflyatsion kutilmalar, inflyatsiya, markaziy bank

Biznes uchun narxlarni oshiruvchi asosiy omil kommunal xizmatlar narxlarining o‘sishi bo‘lib qolmoqda — respondentlarning 47 foizi (50 foiz edi) bu omilni ko‘rsatgan, shuningdek, yonilg‘i va energiya resurslari narxining oshishi ham asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda (45 foiz).

Mart oyidan beri tobora kamroq respondentlar valyuta kursi o‘zgarishi omilini qayd etib kelayotgandi, ammo avgust oyida bu omil mustahkamlandi 42 foiz (38 foiz).

Keyingi o‘rinlarda ish haqi va pensiyalarning oshishi (38 foiz, 17 foiz edi), transport xarajatlarining o‘sishi (31 foiz, avvalgi oyda ham 31 foiz edi), soliq yukining yuqoriligi (27 foizga, 28 foiz), xomashyo narxlarining yuqoriligi bo‘lib turibdi (26 foiz, 25 foiz edi).

inflyatsion kutilmalar, inflyatsiya, markaziy bank

Daromadlari 2 mln so‘mgacha bo‘lgan aholi guruhlari o‘rtasida inflyatsion kutilmalar birmuncha pasaydi — 12,6 foizdan 12,1 foizgacha. Daromad darajasi yuqori bo‘lgan boshqa guruhlarda esa narxlar o‘sishi bo‘yicha kutilmalar oshdi.

Inflyatsion kutilmalar — aholi va tadbirkorlik subyektlarining kelgusi davr uchun inflyatsiya darajasi to‘g‘risidagi taxminlari. Inflyatsiya kutilmalariga asoslanib, ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar, sotuvchilar va xaridorlar o‘zlarining kelgusidagi investitsiya, kredit, moliyaviy hamda narx siyosatini belgilaydi, daromadlar, xarajatlar va taxminiy foyda hajmini baholaydi.