Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarga yetarli sharoitlar yaratilmagan, deb xabar berdi inson huquqlari bo‘yicha vakil matbuot xizmati.

10-sentabr kuni ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Sherobod tumani ichki ishlar bo‘limining vaqtincha saqlash hibsxonasiga monitoring tashrifini amalga oshirgan. Monitoring davomida mazkur hibsxonada saqlanayotgan mahbuslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, advokat bilan uchrashuv xonalari, sayrgoh hamda boshqa sharoitlar o‘rganilgan.

Shuningdek, hibsxonada saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning muassasadagi sharoitlar bo‘yicha fikrlari eshitilgan.

Ichki ishlar organlari vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga ko‘ra, kameralarda bir qavatli yoki ikki qavatli karavotlar (homilador ayollar va bolali ayollar saqlanadigan kameralarda — faqat bir qavatli karavotlar), stol va stul, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan jihozlar, kiyim-bosh uchun ilgich, radioeshittirish vositasi, axlat qutisi, sun’iy shamollatish tizimi (ventilyatsiya), sanitariya tarmog‘i (polga o‘rnatilgan unitaz va bet-qo‘l yuvgich), isitish tizimi bo‘lishi kerak.

Lekin ushbu hibsxonaning kameralari radioeshittirish vositalari, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan jihozlar, o‘rindiqlar, kiyim-bosh uchun ilgich hamda sun’iy shamollatish tizimi bilan ta’minlanmagan. Mahbuslarning ma’lum qilishicha, choyshab va yostiq jildlari ham monitoring tashrifi kuni almashtirilgan.

Shuningdek, yuvinish xonalari sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi hamda sayr qilish maydoni ta’mirga muhtoj, deya qayd etdi ombudsman.

Monitoring tashrifi yakunlariga ko‘ra, yuqorida sanab o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlangan va ular mutasaddi vazirlik va idoralarga kiritiladi.