Sud majlislari jadvallariga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Merey Omonboyevaga nisbatan navbatdagi sud ishi 18-sentabr kuni Navoiy viloyati Navbahor tumani sudida ko‘rib chiqiladi.

мyerей омонбоеva, сaвдо-sanoat palatasi, firibgarlik

U Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi a-bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik)da ayblanmoqda. Bunday jinoyat uchun BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi mavjud.

Sud ishida jabrlanuvchi sifatida Mehroj Samatovich Raxmatov ko‘rsatilgan. U prezident farmoyishi bilan 2023-yilda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. O‘shanda tadbirkor Navoiy shahridagi Bright Industry Buildings the Future MCHJ direktori sifatida qayd etilgan.

Jinoyat ishi sudya Alisher Saydullayev raisligida ko‘riladi.

SSP Navoiy viloyati boshqarmasining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, Merey Omonboyeva hozirda o‘z lavozimida ishlamoqda.

Merey Omonboyeva ishi

Shu yilning aprel oyida Merey Omonboyevaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. O‘shanda tadbirkor va Zulfiya mukofoti sovrindori firibgarlik va pora berishga sheriklikda gumonlangan.

Omonboyeva Navoiy shahri hokimi orqali yer maydoni olib berishni va’da qilib, quruvchi tadbirkordan katta miqdorda pul olgani aytilgan.

27 yoshli Merey Omonboyeva 2020-yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Hozirgi lavozimida u 2024-yil 6-martdan buyon ishlab kelmoqda, ungacha esa “Zarafshon” mahallasida hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan.

2021-yil Karmana tumanidagi quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirish marosimida u davlat rahbariga “sizning kelganingizdan „dux“ oldik”, degandi. Shavkat Mirziyoyev unga prezident sovg‘asi sifatida Nexia 3 sovg‘a qilgan.

Omonboyeva unga nisbatan ish qo‘zg‘atilganiga munosabat bildirib, OAVdan “asossiz ma’lumotlarni” tarqatmaslikni so‘ragandi. “Ijtimoiy tarmoqqa chiqarishdan oldin suhbat qiling, keyin chiqaring. Asossiz chiqarmang. Sudlashib yurmaylik”, — deb yozgan u.