Avgust oyida Samarqand viloyati Urgut tumanidagi “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘ida bir necha tup daraxt va o‘simliklarga zarar yetkazilgan, deb xabar berdi Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, 5 nafar fuqaro milliy boqqa “Yo‘lsoy” bo‘limida joylashgan sobiq oromgoh hududi orqali ruxsatsiz va hech qanday hujjatsiz ekskavator va buldozerlar bilan kirib borgan. Bog‘ rahbariyati bu muhofaza etiladigan tabiiy hudud ekani, ruxsatsiz kirish, qurilish va qazish ishlarini olib borish mumkin emasligi haqida ogohlantirgan hamda hududdan chiqib ketishni talab qilgan.

daraxtlar, омонқўтон, ургут, экология, экология vazirligi

Shunga qaramay, fuqarolar noqonuniy tarzda bog‘ hududiga kirishda davom etgan va bir necha daraxtlar va o‘simliklarga jiddiy zarar yetkazgan. 2-avgust kuni soat 18:00 larda milliy tabiat bog‘i xodimlari tomonidan qonunbuzarlik holati to‘liq to‘xtatilgan.

O‘rganishlarda qonunbuzarlar tomonidan bog‘ hududida texnikalar yordamida tekislash, kovlash ishlari olib borilgani va “Omonqo‘ton”ga tegishli bo‘lgan 869 metr kv. maydonda Taxtaqoracha dovoni bilan bog‘lovchi yo‘l hosil qilingani ma’lum bo‘ldi.

Buning oqibatida yo‘lda mavjud bo‘lgan 7 turdagi jami 64 tup daraxt va butalarga zarar yetkazilgan, shundan 27 tup daraxt va butalar tag qismidan kesilgan yoki qo‘porib olingan, qolgan 37 tup daraxt va butalar esa o‘sishdan to‘xtamaydigan darajada shikastlangan. O‘simlik dunyosiga 67 million 726 ming so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, hududda olib borilgan yo‘l solish ishlari natijasida jami 2296 metr kv. yer maydonida mavjud Qizil kitobga kiritilgan, kamyob, kamayib borayotgan va noyob tur hisoblangan 12 turdagi 2 ming 591 tup o‘simliklar payhon qilinib, tabiatga 1 milliard 48 million so‘m miqdorida ziyon keltirilgan.

Umumiy hisobda zarar miqdori 1 milliard 115 million so‘mni tashkil etmoqda. Hozirda tegishli hujjatlar Bosh prokuraturaga yo‘llangan.

“Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘i tabiatni asrash, bioxilma-xillikni saqlash, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilishda eng muhim ahamiyatga ega obyektlardan biri hisoblanadi. Bu yerda 1300 turdan ortiq o‘simlik, noyob, qimmatbaho daraxtlar, 126 turdan ortiq umurtqali hayvon, 100 turdan ortiq qush uchraydi. O‘simliklarning 101 turi muhofazaga muhtoj hisoblanadi. Noyob hayvonlar va qushlarning 9 turi esa Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) Qizil ro‘yxati va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.