Parijdagi o‘yinlar natijalari tahlil qilinib, 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik “hozirdan boshlanishi kerak”. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 13-sentabr, juma kuni 2024-yilgi Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

O‘zbekiston Paralimpiya o‘yinlarini 26 ta medal — 10 oltin, 9 kumush va 7 bronza qo‘lga kiritib, 168 delegatsiya orasida 13-o‘rinda yakunladi. Bu mamlakat tarixidagi eng yaxshi natija, shuningdek, Osiyoda 3-o‘rin, turkiy, islom davlatlari va MDH davlatlari orasida esa 1-o‘rin.

“Ma’lumki, O‘zbekiston o‘z sport tarixida ko‘p-ko‘p yutuq va zafarlarni ko‘rgan. Lekin Paralimpiya o‘yinlarida bunday rekord natija ilgari hech qachon bo‘lmagan edi. Bu — sizlarning tinimsiz mehnatingiz, bukilmas irodangiz, iste’dod va mahoratingiz samarasidir. Bu — yurtimizda inson qadrini amalda ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlarimiz natijasidir”, — dedi davlat rahbari.

Prezidentimiz barcha sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa uchun erishilgan natijalarni qayd etib, har bir parasportchi, ularning murabbiylari va ota-onalariga alohida minnatdorchilik bildirdi.

Parijda erishilgan natijalarni tahlil qilib, 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlariga “tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz kerak”, dedi u.

паралимпиада-2024, шавкат мирзиёев

Shavkat Mirziyoyev Parijdagi “Stad de Frans” stadionida paralimpiyachilar yugurish, yadro va nayza uloqtirish, uzunlikka va balandlikka sakrash bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda faol ishtirok etganini ta’kidladi.

“Kelgusi Paralimpiya o‘yinlarida amalda yuksak samara berayotgan sport turlari qatorida parasuzish va o‘q otish kabi bellashuvlar bo‘yicha ham tayyorgarlik va natijadorlik yuqori bo‘lishi uchun aniq strategiya asosida ish olib borishimiz lozim”, — dedi u.

O‘zbekistonlik velosportchilar ushbu Paralimpiya o‘yinlarida ilk bor ishtirok etdi. Endilikda bu yo‘nalishda “faqat litsenziya uchun emas, balki ushbu nufuzli musobaqalarda aniq natijaga erishish uchun kurashish kerak”.

“Buning uchun sportchilarimizga barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Xususan, ularni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, farmakologiya va diyetologiya bo‘yicha ishlar kuchaytiriladi. Shuningdek, parasportchilarimiz bilan ishlaydigan sport psixologlari faoliyatini kuchaytirish uchun ularni rag‘batlantirish bo‘yicha alohida tizim joriy etiladi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi Paralimpiya o‘yinlari yakunida O‘zbekistonning asosiy maqsadi “umumjamoa hisobida kuchli o‘ntalikka kirish bo‘ladi”. Shu maqsadda paraatletlar hamda vazirlik va sport federatsiyalarining fikr va takliflari asosida maxsus dastur ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident farmoni bilan Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan sportchilar, ularning murabbiylari va Milliy paralimpiya qo‘mitasi xodimlari faxriy unvonlar, medal va ordenlar bilan taqdirlangan edi.

Prezident qaroriga ko‘ra (PQ-5160) oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilar uchun mukofot puli 200 ming dollar, “kumush” va “bronza” uchun mos ravishda 100 ming va 50 ming dollar etib belgilangan. Bu xarajatlar davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Parasportchilarga pul mukofotlaridan tashqari, “prezident sovg‘asi” sifatida avtomobillar va uy-joylar beriladi.