Amerikaning SpaceX kompaniyasiga tegishli Crew Dragon kemasining ikki ekipaj a’zosi ilk bor xususiy tarzda koinotga chiqdi, deb xabar bermoqda Reuters.

Polaris Dawn tijoriy missiyasi kapitani va homiyi, milliarder Jared Ayzekman va SpaceX muhandisi Sara Jillis kosmosda bunday ekskursiyani amalga oshirgan birinchi noprofessional astronavtlar bo‘ldi.

To‘liq shaxsiy ekipajning yana ikki a’zosi — SpaceX muhandisi Anna Menon va AQSh havo harbiy kuchlarining iste’fodagi podpolkovnigi Skott Potit — kema ichida qoldi.

Crew Dragon’da shlyuz (qulf) yo‘q bo‘lgani uchun kosmosga chiqish vaqtida lyuk keng ochiq turishi kerak edi. Ekipaj kislorod olish uchun SpaceX tomonidan ishlab chiqilgan skafandrlarga tayandi, bu kislorod Crew Dragon’ga shlang orqali ulangandi. 1960-yillarda NASA astronavtlari va sovet kosmonavtlari xuddi shu usulda koinotga chiqqan, deya aniqlik kiritadi The New York Times.

Ayzekman va Jillisning tashqariga chiqishi bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa davom etdi, ularning harakatlari esa ehtiyotkorlik bilan mashq qilingandi, deya qayd etadi nashr.

“Hammamizning uyda qilishimiz kerak bo‘lgan juda ko‘p ishimiz bor, lekin bu yerdan Yer, albatta, mukammal dunyoga o‘xshaydi”, — dedi Ayzekman kosmik kemadan chiqayotib.

Polaris Dawn missiyasining narxi oshkor etilmadi, biroq boshqa reyslarda Crew Dragon’dagi o‘rindiq uchun 55 million dollarlik narxga asoslanilsa, bu yuzlab million dollarga tushishi mumkin, deya ta’kidlaydi Reuters.

Missiya ekipaji 2,5 yil davomida SpaceX simulyatorlarida mashq qilgan hamda og‘ir va noqulay sharoitlarda mashg‘ulotlar o‘tagan.

Missiya 10-sentabrda Floridadagi Kanaveral burnidan boshlandi va 14-sentabrda Yerga qaytishi kutilmoqda.