Futzal bo‘yicha FIFA-2024 jahon chempionati bo‘lib o‘tishi munosabati bilan Toshkent shahrida joylashgan Humo Arena yonidagi ko‘chalarda transport harakati vaqti-vaqti bilan cheklanadi, deya xabar bermoqda poytaxt YHXB.

Qayd etilishicha, ko‘chalar sport majmuasiga tashrif buyuruvchi mehmonlar va muxlislarning xavfsizligini ta’minlash hamda jamoat tartibini saqlash maqsadida vaqtincha yopiladi.

14-sentabrdan 6-oktabrgacha vaqti-vaqti bilan quyidagi ko‘chalarda transport vositalarining harakati qisman cheklanadi:

  • Furqat — Beshyog‘och ko‘chasidan Beshyog‘och ko‘chasi bo‘ylab, Beshyog‘och — Afrosiyob ko‘chalari kesishgan chorrahasigacha;
  • Beshyog‘och — Afrosiyob ko‘chalari kesishgan chorrahasidan, Afrosiyob ko‘chasi bo‘ylab Islom Karimov — Afrosiyob ko‘chalari kesishgan chorrahasigacha.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tadigan FIFA shafeligidagi musobaqada dunyoning eng kuchli 24 terma jamoasi futzal bo‘yicha jahon chempionligi uchun kurash olib boradi. Tarixda 10-bor tashkil etilayotgan o‘yin 14-sentabrdan 6-oktabrgacha davom etadi.

Bellashuvlarga O‘zbekistonning uch shahri — Toshkent, Buxoro va Andijon mezbonlik qiladi. Registon maydonida futzal bo‘yicha Jahon chempionati-2024 turniri guruh bosqichiga tashlangan qur’aga ko‘ra, O‘zbekiston “A” guruhidan joy olgan, jamoaga Niderlandiya, Paragvay va Kosta-Rika raqiblik qiladi.

O‘zbekiston jamoasining ishtiroki 14 sentyab kuni soat 20:00 da Niderlandiyaga qarshi bahs bilan boshlanadi. 17-sentabr soat 20:00 da Paragvayga qarshi maydonga tushsa, 20-sentabr soat 20:00 da Kosta-Rika jamoasi bilan o‘ynaydi.

humo arena, кўча yopiladi, futzal

Avvalroq, chempionatga chiptasi bor muxlislar temiryo‘ldan 50 foizli chegirma bilan foydalanishi xabar qilingandi. Shuningdek, ular uchun jamoat transportidan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi. Chiptalarni onlayn xarid qilish va kirish joyida tekshirtirish uchun futsal2024.uz sayti yaratilgan.