AQSh prezidentligiga respublikachilardan nomzod Donald Tramp 12-sentabr, payshanba kuni, Arizona shtatida bo‘lib o‘tgan saylovoldi kampaniyasida Kamala Harrisga qarshi debatlardan so‘ng o‘zining birinchi ommaviy nutqini so‘zladi.

U demokratlardan raqibi, amaldagi vitse-prezident Kamala Harris bilan boshqa debat o‘tkazmaslikka qaror qilgani haqida ham gapirdi (bu o‘zining Truth Social tarmog‘ida alohida e’lon qilindi).

“Bokschi jangda yutqazsa, uning og‘zidan chiqadigan birinchi so‘z „Revansh xohlayman“ bo‘ladi. So‘rovlarga qaralsa, debatda men demokratlarning radikal so‘l nomzodi o‘rtoq Kamala Harrisning ustidan g‘olib chiqdim va u darhol yangi debatni talab qildi”, — deb yozdi u.

Siyosatchi Harris va AQSh prezidenti Jo Baydenni “mamlakatni vayron qilishda” aybladi.

“Millionlab jinoyatchilar va aqldan ozganlar AQShga to‘plandi, ular umuman nazorat qilinmadi va tekshirilmadi, inflyatsiya bizning o‘rta sinfimizni bankrot qildi”, degan Tramp “Kamala va Jo keltirib chiqargan muammolar” ular bilan debatlarda batafsil muhokama qilinganini ta’kidladi.

Trampning aytishicha, Harris “Fox debatlariga bormagan, NBC va CBS telekanalida chiqish qilishdan bosh tortgan”. Vitse-prezident “o‘tgan qariyb to‘rt yil ichida qilishi kerak bo‘lgan ishlarga e’tibor qaratishi kerak”, degan Tramp “Uchinchi debat bo‘lmaydi!” — deya ta’kidladi.

  • Iyun oyida Donald Tramp AQShning amaldagi prezidenti Jo Baydenga qarshi debat o‘tkazgandi. O‘shanda Bayden muvaffaqiyatsizlikka uchradi va prezidentlik poygasidan chiqdi. Uning o‘rniga AQSh Demokratik partiyasidan vitse-prezident Kamala Harris nomzod bo‘ldi.
  • Harris va Tramp o‘rtasidagi debat 10-sentabr kuni bo‘lib o‘tdi. CNN so‘rovi ishtirokchilari (63% respondent Harris Trampdan yaxshiroq so‘zlaganini ta’kidladi) va tahlilchilar, shu jumladan, respublikachilarga xayrixoh bo‘lganlar demokratlar nomzodini g‘olib deb topdi.