Shavkat Mirziyoyev 12-sentabr kuni “Buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaror imzoladi.

Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek o‘zining boy ilmiy-ma’rifiy merosi hamda mislsiz bunyodkorlik faoliyati bilan O‘zbekiston taraqqiyoti va jahon sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulkan tarixiy siymo, buyuk qomusiy olimdir, deyiladi hujjatda.

“Mirzo Ulug‘bek uzoq yillar o‘z saltanatini adolat va insonparvarlik g‘oyalari asosida boshqarish va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish bilan birga ilm-fan, madaniyat va san’at sohalarini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratdi. Uning tashabbusi va homiyligi ostida ko‘plab madrasalar, maktablar, kutubxonalar, masjidlar, karvonsaroylar, ko‘priklar hamda so‘lim bog‘lar barpo etildi. Natijada o‘lkamiz har tomonlama taraqqiy etib, Sharqdagi yirik madaniyat va ilm-fan diyoriga aylandi”, — deyiladi qarorda.

“Mirzo Ulug‘bek matematika, fizika, tarix, me’morchilik sohalarida ulkan natijalarni qo‘lga kiritdi. Buyuk alloma, ayniqsa, Samarqand shahridagi o‘zi bunyod ettirgan rasadxonada amalga oshirgan keng qamrovli ilmiy tadqiqotlari va kashfiyotlari bilan jahon astronomiya fanining rivojida tub burilish yasadi. Ulug‘ vatandoshimizning ana shunday izlanishlari natijasida yuzaga kelgan „Ziji jadidi Ko‘ragoniy“ asari hozirgi paytda ham yulduzlar ilmi sohasida dunyodagi eng buyuk asarlardan biri sifatida e’tirof etilib, olimlar tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda”.

Olim tavalludining 630 yilligini keng nishonlash doirasida O‘zbekistondagi Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liq obyektlarni, shu jumladan, Mirzo Ulug‘bek sharafiga barpo etilgan yodgorlik majmualarini mukammal ta’mirlash va ularning hududlarini obodonlashtirish, alloma ilmiy-ijodiy merosiga mansub qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklarni restavratsiya qilish, ularni ishonchli saqlash uchun zarur sharoit yaratish rejalashtirilmoqda.

Mirzo Ulug‘bek ilmiy-ma’rifiy merosining jahon sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rniga bag‘ishlangan ilmiy-adabiy tadbirlar o‘tkazish, uning hayoti va faoliyatiga oid spektakllarni sahnalashtirish, ilmiy va badiiy publitsistik asarlar yaratish, shuningdek, xalqaro miqyosda keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar olib borish belgilangan.

10−11-oktabr kunlari Samarqand shahrida “Mirzo Ulug‘bek: buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan allomaning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarini o‘zbek, rus va ingliz tillarida, “To‘rt ulus tarixi” nomli tarixiy asarining o‘zbek tiliga tarjimasi qayta nashr qilinadi.