Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi UzAuto Motors kompaniyasi hamda PSM-Avtosavdo dileriga nisbatan ish ochdi, deb xabar qilmoqda idora matbuot xizmati.

2023-yilda Chevrolet Lacetti L-Stayle M avtomobilini sotib olgan qoraqalpog‘istonlik fuqaro davlat idorasiga shikoyat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xarid qilinganidan 5 oy o‘tmasdan, mashina nosozlik tufayli yonib ketgan, biroq ishlab chiqaruvchi belgilangan muddatda bu muammoni hal qilmagan.

Qo‘mita masalani o‘rganib chiqib, ushbu faktni tasdiqladi va shu kabi holatlar Navoiy viloyatida ham kuzatilgani, jumladan, aynan shu markali (modelli, artikuli) avtomobilda yonish kuzatilganini aniqladi.

Qo‘mita maxsus komissiyasi UzAuto Motors kompaniyasi va PSM-Avtosavdo dilerlik kompaniyasiga nisbatan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunning 14- (Nuqsonli tovarni almashtirib berish tartibi) va 20- (Tovar (ish, xizmat)ning nuqsonlari tufayli yetkazilgan zarar uchun mulkiy javobgarlik) moddalari talablarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atdi.

“Ushbu holat inson hayoti va uning sog‘lig‘iga jiddiy ziyon yetkazishi mumkinligi holatlarini inobatga olgan holda, yuqorida qayd etilgan avtomobil bilan bir vaqtda ishlab chiqarilgan 37 ta aynan shu markali (modelli, artikuli) avtomobillarni 10 kunlik muddatda chaqirtirib olinib, texnik ko‘rikdan o‘tkazish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, murojaat qilgan fuqaroga ayni shunday markali yangi avtomobil almashtirib berildi hamda iste’molchi talab qo‘ygan vaqtdan boshlab o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun avtomobil bahosining 1 foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘lashi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonda 12 837 dona Gentra (Lacetti) avtomobili ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga (44 179) nisbatan deyarli 3,5 barobar kam. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi General Motors Global siyosati tufayli 2024-yil yanvar oyidan boshlab ushbu avtomobil modelini chiqarishni to‘xtatishni rejalashtirgandi. May oyi oxirida “O‘zavtosanoat” Lacetti ishlab chiqarish davom etayotganini ma’lum qildi, chunki ishlab chiqarish uchun zarur ehtiyot qismlar mavjud.