O‘zbekiston 18 davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga O‘zbekiston prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lumot berdi.

13-sentabr kuni Argentina bilan muzokaralar o‘z yakuniga yetgan. 18 davlatdan 14 tasi bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi protokollar imzolangan (protokol imzolangach jarayon rasman yakuniga yetgan bo‘ladi). Bu mamlakatlardan ikkitasi Braziliya va Shri-Lanka hisoblanadi. Bu haqda Urunov 12-sentabr kuni o‘zining LinkedIn’dagi sahifasida ma’lum qildi.

“JST Jamoatchilik forumi doirasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, JST bosh direktori o‘rinbosari Syanchen Chjan va bosh direktorning sobiq o‘rinbosari Alan Volf ishtirokida hujjatlarni imzolash marosimlari bo‘lib o‘tdi. Saida Mirziyoyeva xonim boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Jenevada bo‘lib o‘tayotgan JST 2024 jamoat forumida ishtirok etmoqda”, — deya qayd etgan u.

Shuningdek, prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva 12-sentabr kuni JST Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashganini ma’lum qildi.

“Muloqot davomida Tashkilotga a’zo bo‘lish yo‘lida O‘zbekiston tomonidan ko‘rilayotgan amaliy qadamlarni muhokama qildik. Milliy qonunchilikni JST normalari va qoidalari bilan uyg‘unlashtirish borasida O‘zbekiston erishgan natijalar hamda boshqa ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi”, — deya ta’kidlagan Mirziyoyeva.