“Gazeta.uz” YouTube’dagi o‘zbekistonlik kontent mualliflari tomonidan tayyorlangan videolarning oyma-oy sarhisobini tayyorlashda davom etadi. Navbat — 2024-yilning avgust oyi yakunlariga.

Izoh: Quyida mushtariylar e’tiboriga havola etilayotgan videolar tahririyat tavsiyasi emas. Bunda aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil avgust oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olingan. Ayni vaqtda, fursatdan foydalanib, “Gazeta.uz”ning o‘zbek va rus tahririyatlari tomonidan avgust oyida tayyorlangan videokontentni ham yana bir bor eslatib o‘tishni joiz deb bildik.

“Gazeta.uz” e’lon qilgan videolar

Intervyu. “O‘zbekiston iqtisodiy ilm-fan xaritasida deyarli mavjud emas” — Behzod Hoshimov

Nima uchun O‘zbekistonning amaldagi savdo siyosati zararli? Nima sababdan o‘zbekistonliklar to‘yga ko‘p pul sarflaydi? Uganda konstitutsiyasi AQShniki bilan deyarli bir xil bo‘lsa-da, nega Uganda ham AQShdek boy va farovon emas? Iqtisodchi Behzod Hoshimov suhbat bo‘lgan davomida shu va shu kabi boshqa savollarga javob berishga harakat qildi.

Nima o‘qiymiz? Noshir Sanjar Nazar tavsiya qiladi

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining bu galgi sonida “Akademnashr” nashriyoti rahbari Sanjar Nazar mehmon bo‘ldi.

Intervyu. O‘zbek bokschilari ustozi To‘lqin Qilichev bilan eksklyuziv intervyu

Parijda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston 13 ta medal (8−2−3) bilan 206 ta davlat orasida umumiy medallar hisobida 13-o‘rinni qayd etdi. Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi medallar hisobida birinchi o‘rin bilan dunyoning eng kuchlisi bo‘ldi. Erkaklar jamoasidagi 7 nafar bokschidan 5 nafari oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shu munosabat bilan “Gazeta.uz” o‘zbek bokschilari ustozi, terma jamoa bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev bilan suhbatlashdi.

Andijondagi Yangi o‘rmondan reportaj

Andijonlik bloger Otabek Nuritdinov adirni o‘rmonga aylantirmoqda. U oila a’zolari bilan birga Asaka tumanidagi 220 gektar dasht maydonini yashillashtirishga qaror qilgan. Blogerning ushbu ekologik loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda ham e’tirof etilmoqda. “Gazeta.uz” Andijonga safar qilib, Otabek Nuritdinov oilasi bilan birga barpo etayotgan o‘rmonda bo‘ldi. Qo‘shimcha sifatida, u haqda Kun.uz nashri ham videomaterial tayyorlagan.

O‘zbek boksida yangi tarix yozgan Olimpiada chempioni Abdumalik Xalokov bilan intervyu

57 kilogramm vazn toifasida jang qiladigan bokschi Abdumalik Xalokov Parij Olimpiadasidagi barcha janglarida mutlaq g‘alabalarni qo‘lga kiritib, havaskor boks olamida erishish mumkin bo‘lgan barcha musobaqalardan oltin olgan ilk o‘zbekistonlik sportchiga aylandi. Terma jamoa bosh murabbiyi To‘lqin Qilichevning ta’biri bilan aytganda, universal bokschi hisoblangan Abdumalik Xalokov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida bayroqdor bo‘lish sharafi, janglarini qanday qilib yengil o‘tkazishi, o‘zbekistonlik murabbiyi sekundantlik qilgan qirg‘izistonlik Munarbek Seitbek Uuli bilan final jangi, Olimpiadadagi bosimlar, o‘zbek boksining muvaffaqiyati sirlari va boshqalar haqida so‘zlab berdi.

Rus tilida: Reportaj: Toshkentdagi O‘zbekiston ovozi ko‘chasida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda?

Toshkentda “O‘zbekiston” mehmonxonasi ortidagi yashil hududdan to “Ekopark”gacha bo‘lgan hudud — O‘zbekiston ovozi ko‘chasi rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. Uni qulay va xavfsiz jamoat hududiga aylantirish loyihasi Sankt-Peterburgning Ludi Architects arxitektura byurosi tomonidan “Toshkent Invest” kompaniyasi va O‘zbekiston Madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Mutaxassislar Respublika bolalar kutubxonasi yonida aylanma harakatni tashkil etish, ko‘chada transport qatnovini qisman bir tomonlama qilish, veloyo‘lakni kengaytirish, hududda to‘liq yagona dizayn-kodni joriy etishni taklif qilmoqda.

Bir tom ostidagi hamkorlarimizning materiallari

Afisha.uz. Asl Wayne va Massa bilan katta eksklyuziv intervyu

“Afisha.uz” hozirda o‘zbek reperlari orasida alohida o‘ringa ega bo‘lgan Massa va Asl Wayne`ning viloyatlar bo‘ylab konsert turi oldidan ular bilan maxsus suhbat o‘tkazdi. Ijodkorlar bilan konsertlar, undagi premeralar, Munisa Rizayeva, Minor bilan hamkorlikdagi ijod, Asl Wayne`ning faoliyati, hozirda qayerda o‘qishi, xorazmcha rep va Xorazmdagi “qalin puli” haqida suhbatlashildi.

Spot. Shateni: $100 bilan boshlangan biznes

O‘z biznesini 18 yoshida 100 dollar bilan boshlagan Farangiz Po‘latova (Shateni) 73 mingdan ortiq mijozga erishgunicha ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelgan. Otasi dizaynerlik bilan shug‘ullanishiga qarshilik qilishiga qaramay, u o‘z orzusidagi “Signora by Shateni” brendini yo‘lga qo‘ygan. Spot u bilan suhbatlashdi.

Boshqa mualliflar e’lon qilgan videolar

Endi boshqa mualliflar e’lon qilgan videokontentlarga o‘tsak. Bunda, yuqorida qayd etilganidek, aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil avgust oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olindi.

Dangal. Sharhlovchining gapi og‘ir botdi. Buvim ko‘rmagani alam qildi | Diyora Keldiyorova

“Sports.uz” nashrining “Dangal” loyihasida dzyudo bo‘yicha Olimpiada chempioni Diyora Keldiyorova mehmon bo‘ldi.

Jamshidxon Ziyoxonov. Yaponiyaning asosiy sirini topdim

Jurnalist Jamshidxon Ziyoxonov “subyektiv” loyihasini tark etganidan bir necha oy o‘tib YouTube`ga qaytdi. U o‘z mualliflik kanalida Yaponiyaning Kamikatsu qishlog‘idan tayyorlangan videokontentni e’lon qildi.

U kim edi? Aleksandr Makedonskiy | Hech qachon jangda yengilmagan buyuk sarkarda

Nurbek Alimovning “U kim edi?” loyihasining navbatdagi soni makedoniyalik Aleksandrga bag‘ishlandi.

Tungi qahramon. Asqar Hikmatov “Tungi qahramon”da mashinalik bo‘ldimi?

Stendap komik Mirshakar Fayzulloyevning “Tungi qahramon” loyihasining navbatdagi sonida “Tundan tonggacha”, “Tilim qursin” va “Mening do‘stim jin” filmlari orqali ko‘pchilikka tanilgan aktyor Asqar Hikmatov mehmon bo‘ldi.

Gong-shou. 1 000 000 kimniki bo‘ladi?

“Sahna” stendap klubida hafta davomida turli formatlardagi ko‘ngilochar shoular bo‘lib o‘tadi, bu shoularning videolari keyinchalik klubning YouTube-kanalida ham e’lon qilinadi. Ana shunday shoulardan biri “Gong-shou” bo‘lib, unda ishtirokchi komiklardan 3 daqiqa davomida har 30 soniyada bittadan kulgili hazil aytib, sahnada qolish talab qilinadi. Agar ishtirokchi 30 soniya ichida tomoshabinlarni kuldira olmasa, sahnani tark etadi. Final bosqichida esa ishtirokchilar bittadan hazil qiladi va tomoshabinlarni kuldira olmagan komiklar bitta-bitta sahnani tark etadi. Oxirigacha sahnada qolgan ishtirokchi g‘olib bo‘ladi va 1 mln so‘mni qo‘lga kiritadi.

NQE podkast. Qo‘rqoqlik, kambag‘allik va Open budjet haqida | Rasul Kusherbayev, Teacher Azam, Laziz Hamidov

A’zam Qahramoniyning “Nozik qalb egalari” podkastida bu gal sobiq deputat, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev mehmon bo‘lib, o‘zbekona mehmondo‘stlik, geosiyosat, hozirgi Toshkent hokimi va boshqa mavzularda o‘z fikrlarini bildirdi.

Fikr yetakchilari. Parlament uchun trening, katta qarzlarning xavflari, Yaqin Sharqdagi voqealar

Tadbirkor Hikmat Abdurahmonovning “Fikr yetakchilari” podkastida bu gal iqtisodchi Behzod Hoshimov ham mehmon bo‘ldi.

Qurultoy. O‘zbek tilida forscha so‘zlar rostdan ko‘pmi?

“Qurultoy”ning navbatdagi sonida yana bir bor o‘zbek tilining o‘tmishiga murojaat qilindi. Ba’zan o‘zbek tili ustida quyidagicha bahslar kuzatiladi: o‘zbek tilida forscha so‘zlar shu qadar ko‘pki, uning turkiyligi qolmagan, deydiganlar uchraydi. Bu savolga javob topish uchun, shuningdek, o‘zbek tilining qadimgi va bugungi til aloqalarini tushunish uchun ekspert G‘aybulla Boboyorov “Qurultoy”ga taklif qilindi.

Susambil. Mortal Kombat olami haqida — o‘zbek tilidagi katta tahlil

“Susambil”ning mazkur videosida Mortal Kombat olamiga sayohat qilinadi hamda bu turkumning tarixi va bosib o‘tgan yo‘li batafsil o‘rganiladi. Video davomida Mortal Kombat franshizasiga doir filmlar, animatsion loyihalar va hatto sahna ko‘rinishlari haqida gap boradi. Nima uchun Mortal Kombat fayting janridagi eng mashhur o‘yinlardan biri? Uning mifologiyasi va qahramonlari tarixi qanday? Aynan mana shu savollarga video davomida javob topasiz.

Markaziy sektor. 3-son. “Nasaf” chempion deyishga hali erta. 17-tur uchrashuvlari tahlili

“Markaziy sektor” loyihasi avgust oyidan boshlab o‘z e’tiborini futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi o‘yinlariga qarata boshladi. Podkastning navbatdagi soni chempionatning 17-tur uchrashuvlari tahliliga bag‘ishlandi.

Pakapak. Motorola nega o‘ldi?

Motorola kompaniyasining zararlari 2007-yilda 149 mln dollarni tashkil etgan. O‘sha paytlarda mobil telefonlar tez rivojlanib kelayotgan smartfonlar bilan raqobat qila olmay qolgandi. Motorola`da esa yangi g‘oyalar inqirozi boshlandi. Oradan bir yil o‘tib, ya’ni 2008-yilda esa zarar miqdori 4 mlrd dollargacha oshdi. 2011-yilga kelib Motorola kompaniyasini Google 12,5 mlrd dollarga sotib oldi. 4 yil o‘tib esa Lenovo Motorola`ni Google`dan bor yo‘g‘i 3 mlrd dollarga xarid qildi. Telefonlaridan millionlab insonlar foydalangan mashhur kompaniya qanday qilib sindi? Bu video shu haqda hikoya qiladi.

Ular. Hikmat Abdurahmonov Toshkent hokimi, diplomatiya, xususiy ta’lim, Rossiya, 30 yillik siyosat haqida

Salkam yarim yillik tanaffusdan so‘ng “Ular” loyihasi yangi videoni e’lon qildi. Navbatdagi mehmon — O‘zbekistondagi yirik tadbirkor, TEAM universiteti asoschilaridan biri Hikmat Abdurahmonov. Laziz Hamidov tadbirkor bilan xususiy ta’lim, Diplomatiya universiteti, eski davr siyosati, Britaniya ta’limi, Rossiyaga munosabati haqida suhbatlashdi.

Ilmokratiya. Otalar bolaning xohishi bilan qiziqishi shart (mi?)! | Xayrulla Hamidov bilan

Xususiy ta’lim muassasalari, universitetlar, maktablar o‘z media-loyihalarini yo‘lga qo‘yishi ham o‘zbekcha YouTube`ning yangi an’anasiga aylanib bormoqda. Avgustda Oxus universiteti o‘zining ana shunday loyihasini ishga tushirdi. Loyihaning nomi — Ilmokratiya, ilk mehmon — o‘zbekcha YouTube auditoriyasi yaxshi ko‘radigan Xayrulla Hamidov.

+1 podkast. Plastik jarrohlik: go‘zallik narxi qancha?

“+1” podkastining navbatdagi mehmoni ko‘p yillik tajribaga ega plastik jarroh, tibbiyot bo‘yicha falsafa doktori Nigora G‘aybullayeva bo‘ldi.

Qo‘shtirnoq. Avtoblogerlar avtoterroristlarmi? Jarimalarni maqtanish modami?

“Qo‘shtirnoq” podkastining navbatdagi sonida bloger Nozim Safari va avtobloger Bekzod Shoyunusov mehmon bo‘lib, yo‘llardagi o‘limlar, qoida buzgani bilan maqtanayotgan blogerlar va yo‘lga aloqador shu kabi boshqa mavzularda suhbatlashdi.

EKG. EKG stendap 5

“EKG” loyihasining navbatdagi sonida stendap komiklar Abbos Serobov, Azimbek Xushmamatov, Mirjalol Qosimov, Azizjon Karimov va Izzatilla Chorixo‘jayev o‘z hazillari bilan chiqish qildi.

Otasiz podkast. Ota bilan his qilish mumkin bo‘lgan barcha tuyg‘ularni boshimdan o‘tkazganman

“Otasiz” podkastining 7-sonida Abror Axbor o‘g‘li Imomxo‘jayev bilan Imomxo‘jayevlar sulolasi, shuningdek, ota siymosi, ota bilan munosabatlar va ota hayotdagi ustozligi haqida suhbatlashildi.

102tv. Jonatan Xenik: Elchilik | Mirziyoyev siyosati | Amerika orzusi | Green card

“102 tv” loyihasining “Muvaffaqiyat kalitlari” podkastida bu safar AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik mehmon bo‘lib, elchilik hayoti, Green card va Amerika orzusi, Shavkat Mirziyoyev siyosati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

FashionGap. O‘zbek model tanlovi: ekspertlar NanaHan, Kamsitta, Isfandiyor va SaidKreativ

“FashionGap” podkastining navbatdagi sonida NN va Nana Han modellar maktabi asoschisi va direktori, Face of Uzbekistan prodyuseri Nana Han, tajribali feshn-fotograf Isfandiyor (Baxtiyor Valiyev) va art-direktor, stilist Kamilla Ahmedova bilan o‘zbek modellik sohasining kelajagi hamda modellarning imkoniyatlar haqida suhbatlashdi.

1000KITOB. Noshirda ham, o‘quvchida ham “planka” past

“1000KITOB” loyihasida kitoblar yetti nashriyot bilan hamkorlikda tayyorlanmoqda. Nega aksar kitoblarni tayyorlash “Akademnashr” hissasiga to‘g‘ri keldi? Loyiha doirasida nashriyotlar bilan qay tarzda ishlanadi? Nashriyotlar “1000 kitob” kitoblarini chop eta oladimi? Talab va taklif masalasi qanday? Podkast davomida shu kabi savollarga javob berishga harakat qilingan.

Archemistry Urban. Piyoda gurung Muhrim A’zamxo‘jayev bilan | Parkent ko‘chasi bo‘ylab

Urbanist Iskandar Soliyovning “Piyoda gurung” loyihasida bu gal jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev mehmon bo‘ldi. Suhbat Parkent, Muhammad Yusuf va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari bo‘ylab bo‘lib o‘tgan. Suhbatda to‘siqsiz muhit, toponimlar, qurilishdagi xavfsizlik hamda mozaikalar haqida gap boradi.

Sigma. Toshkent, o‘zbek tili va qadriyatlar | Mirzo Zominiy

“Sigma” podkastining yangi sonida jurnalist, kopirayter, PR va kreativ bo‘yicha mutaxassis Mirzo Zominiy (Mirzayor Erkinov) bilan Toshkent, uning arxitekturasi va ruhiyati, o‘zbek tili, unda kreativ bilan shug‘ullanish, propaganda va PR haqida suhbatlashildi.

“Diqqat, savol!”. Universitetlar soni oshsa, diplomli ishsizlar ko‘paymaydimi?

“Diqqat, savol!” podkastining bu sonida adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova, “Sherin TM” kompaniyasi HR-direktori Go‘zal Mo‘minova, “Person Hunters” kompaniyasining biznes-developeri Salay Matkarimov bilan universitetlar ko‘payishi, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash va karera qilishdagi muhim jihatlar haqida suhbatlashildi.

Siz-chi, qaysi loyihalarni kuzatib borasiz?

Keyingi sarhisobda yana qaysi loyihalar e’tiborga olinishi kerak deb o‘ylaysiz? Bu haqda Telegram’dagi botimiz orqali bizga yozing: @GazetauzFeedbackBot.