Tarixda ilk bor O‘zbekiston FIFA tasnifiga kiruvchi musobaqaga — futzal bo‘yicha 2024-yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda. O‘yinlar Buxoro, Toshkent va Andijondagi arenalarda bo‘lib o‘tadi. 14-sentabr kuni chempionat guruh bosqichi 1-turi doirasidagi dastlabki o‘yinlar bo‘lib o‘tdi.

14-sentabr, shanba
“B” guruhi, 1-tur

Xorvatiya — Tailand 1:2

Gollar: Antonio Sekulich (31) — Muhammad Osamanmusa (3), Ronnachai Jungvongsuk (30).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Arut Senbat (Tailand).

Foto: FIFAFoto: FIFA

Musobaqaning birinchi goli Tailandning kelib chiqishi ganalik futzalchisi Muhammad Osamanmusa hisobiga yozildi. Xorvatiya butun o‘yin davomida katta ustunlikka erishib, kamida uch marta darvoza ustuni va to‘sinlarini nishonga olgan bo‘lsa-da, yakunda mag‘lubiyatni tan olishga majbur bo‘ldi. Chempionatning ilk uch ochkosi Osiyo vakili hisobiga yozildi.

Braziliya — Kuba 10:0

Gollar: Marsel (2, 23, 33), Negino (11), Marlon (13, 23, 39), Felipe Valeriu (13), Pito (25), Artur (28).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Marsel (Braziliya).

ўзбекистон futzal terma jamoasi, futzal bo‘yicha jahon chempionatи 2024

Braziliya 14-sentabr kuni Buxoroni larzaga keltirdi — futzal bo‘yicha besh karra jahon chempionlari Kuba darvozasiga javobsiz 10 ta gol urdi. Marsel va Marlon xet-trikni rasmiylashtirgan bo‘lsa, Artur bitta gol urib, ikkita golga hammualliflik qildi. Jamoaning yulduzlaridan biri hisoblangan Pito ham chiroyli gol urdi.

Kelayotgan seshanba (17-sentabr) kuni Kuba Tailandga qarshi o‘yinda Braziliyadan o‘tkazib yuborilgan 10 ta gol tasodif ekanini sinashga harakat qilib ko‘radi, Braziliya esa Xorvatiyani sinovdan o‘tkazadi — lekin u o‘yin Kuba bilan bo‘lganidek oson kechmasa kerak, har holda, Xorvatiya musobaqadagi ishtirokini erta yakunlamaslik uchun bor kuchi bilan harakat qilsa kerak.

“A” guruhi, 1-tur

Paragvay — Kosta-Rika 5:2

Gollar: Adolfo Salas (1), Emerson Mendes (11), Pedro Paskottini (11), Arnaldo Baes (24), Fransisko Martines (39) — Minor Kabalseta (7), Edvin Kubilo (17).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Adolfo Salas (Paragvay).

Kosta-Rika tor-mor keltirilgan o‘yinda Paragvay tarkibida 30 yoshli Xaver Adolfo Salas eng yorqin o‘yin ko‘rsatganlardan biri bo‘ldi. U nafaqat gol urdi, balki yana bir golga assistentlik ham qildi.

Karlos Chilavert shogirdlari endi 17-sentabr kuni O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi maydonga chiqadi va bu o‘yin 2-turning eng qiziqarli bahslaridan biri bo‘lsa kerak, chunki O‘zbekistonga ochkolar suv va havodek zarur.

O‘zbekiston — Niderlandiya 3:3

Gollar: Elbek To‘lqinov (16), Ixtiyor Ropiyev (36), Husniddin Nishonov (40) — Tovfiq Jeyar (4), Ismoil Odduh (28, 37).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Ismoil Odduh (Niderlandiya).

Musobaqaning birinchi kunidagi yagona durang natija aynan O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinida qayd etildi. Nisbatan murakkab va asabiy kechgan o‘yinda o‘zbekistonliklar uch marta hisobda ortda qoldi, ammo yakunda, uchrashuv yakunlanishiga 50 soniya qolganida Husniddin Nishonovning goli evaziga mag‘lubiyatdan qutilib qoldi.

Keyingi turda O‘zbekiston musobaqani ishonchli g‘alaba bilan boshlagan Paragvayga qarshi o‘tkazadi. O‘yin 17-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan 20:00 da boshlanadi. Shu kuni Niderlandiya 17:30 da Kosta-Rikaga qarshi maydonga chiqadi.

Navbatdagi o‘yinlar

15-sentabr kuni musobaqaning “S” va “D” guruhida 1-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Jumladan, musobaqa mezbonligiga Buxoro va Toshkentdan so‘ng Andijon ham qo‘shiladi. Shu kuni Andijon shahridagi Universal sport majmuasida Ispaniya va Qozog‘iston o‘rtasida 1-turning markaziy o‘yinlaridan biri o‘tkaziladi.

“S” guruhi, 1-tur
17:30. Toshkent
Afg‘oniston — Angola

20:00. Toshkent
Argentina — Ukraina

“D” guruhi, 1-tur
15:00. Andijon
Yangi Zelandiya — Liviya

17:30. Andijon
Ispaniya — Qozog‘iston

Uchrashuvlarning chiptalarini onlayn sotib olish mumkin.