Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining maslahatchisi bo‘lgan Isroil Adxamov prezidentning tegishli farmoni bilan Bosh prokurorning o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Isroil Adxamovga Kambag‘allikni qisqartirish sohasida qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish vazifasi yuklatilgan. Prezident 11-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirishga doir o‘tkazgan yig‘ilishida mazkur yo‘nalishda Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimi joriy etilishi haqida ma’lum qilgandi.

U quyidagi vazifalarni bajarishi belgilangan:

  • har haftada kamida bitta tuman (shahar)ga borib, kambag‘al oilalarni reyestrga kiritish va chiqarishning haqqoniyligini o‘rganish;
  • kambag‘al oilalarga berilayotgan mablag‘lar egasiga manzilli yetib borishini nazorat qilish;
  • kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagan mas’ullarga nisbatan qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlash;
  • ijtimoiy himoya va kambag‘allikni qisqartirish sohasida qabul qilinayotgan qonunlar talablari, Prezidentning Farmon va qarorlarida belgilangan topshiriqlar ijrosini nazorat qilish.

Isroil Adxamov bungacha prokuratura organlarida ham turli mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.