15−16-sentabr kunlari Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Germaniya kansleri Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan mamlakatga tashrif buyurmoqda.

Bu Sholsning Markaziy Osiyoga ilk tashrifi bo‘ladi va unga mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida “katta biznes delegatsiyasi” hamrohlik qiladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Samarqand shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston-Germaniya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Savdo-iqtisodiy, texnologik va investitsiyaviy-moliyaviy sheriklikni kengaytirish, Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, mehnat migratsiyasi, ekologiya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, turizm va boshqa yo‘nalishlarda faol aloqalarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratiladi. Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari bo‘yicha fikr almashiladi.

Dastur doirasida O‘zbekiston prezidenti va Germaniya kansleri ikki mamlakat ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv ham o‘tkazadilar.

Reuters xabariga ko‘ra, Olaf Shols ilk tashrifini Qozog‘iston va O‘zbekistonga amalga oshirmoqda, chunki Berlin Ukrainadagi urushdan keyin yangi bozorlar, energiya va foydali qazilmalarni qidirmoqda.

Uning ortida allaqachon bir nechta muhim bitimlar mavjud. Qozog‘iston nefti o‘tgan yil iyun oyida “Do‘stlik” quvurlari orqali oqib kela boshladi va Yevrosiyo Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy etganidan keyin Rossiya yetkazib berishni to‘xtatgach, Berlinning Shvedtdagi neft qayta ishlash zavodining faoliyatini qo‘llab-quvvatladi.

Sholsning tashrifi Germaniya munosabatlarni yanada rivojlantirmoqchi bo‘lgan yo‘nalishlar haqida ham so‘zlaydi, deya yozmoqda agentlik.

Germaniyaning Sharqiy Biznes Assotsiatsiyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Eduard Kinsbrunnerga ko‘ra, Rossiyada o‘z biznesini yopgan ko‘plab nemis kompaniyalari, tarixan Markaziy Osiyo uchun muhim markaz bo‘lgan Rossiya o‘rniga, butun mintaqada o‘z savdo ofislarini ochib, faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

Kinsbrunnerning qo‘shimcha qilishicha, nemis guruhlari kimyo sanoati, malakali ishchi kuchi, qayta tiklanadigan energiya, logistika, ta’lim va boshqa sohalarda shartnomalar bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu shartnomalarning aksariyati Shols tashrifi davomida imzolanishi kutilmoqda.

Joriy yilning 28−29-avgust kunlari investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Berlinga tashrif buyurdi. Germaniya hukumati vakillari bilan muzokaralarda kimyo sanoati, geologiya va tog‘-kon sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, mashinasozlik va elektrotexnika sanoati, “yashil energiya” va boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning bir qator yangi istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.

Bundan tashqari, Germaniya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat O‘zbekiston bilan migratsiya shartnomasini imzolashni rejalashtirmoqda. O‘tgan yilning oktabr oyida Germaniya hukumatining maxsus vakili Yoaxim Shtamp Germaniyadan noqonuniy migrantlarning o‘z vatanlariga tezroq qaytishini ta’minlaydigan mumkin bo‘lgan migratsiya shartnomalari bo‘yicha bir nechta davlatlar bilan maxfiy muzokaralar olib borayotgani ma’lum bo‘ldi. Unga Gruziya, Moldova, Keniya, Kolumbiya va Qirg‘izistondan tashqari O‘zbekiston ham kirdi.

Iyun oyida Bloomberg Germaniya hukumati afg‘onistonlik qochqinlarni Germaniyadan “Tolibon” bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishuvsiz deportatsiya qilishga imkon beradigan bitim tuzish bo‘yicha O‘zbekiston bilan muzokaralar olib borayotganini xabar qildi. Manbalarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati bu taklifni ko‘rib chiqmoqda, shu bilan bir paytda, migratsiya paktiga O‘zbekistondan Germaniyaga ishchilarning qonuniy migratsiyasiga ruxsat beruvchi kelishuv ham kiritilishini istamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Olaf Shols bilan 2023-yilning may oyida Berlinda muzokaralar o‘tkazgandi. Tashrif davomida turli sohalarga oid 16 ta hukumatlararo va idoralararo hujjat imzolandi.