14-sentabr kuni Buxoro va Toshkentdagi o‘yinlar bilan futzal bo‘yicha 2024-yilgi jahon chempionatiga start berilgan edi. 15-sentabr kuni uchinchi mezbon shahar — Andijonda ham musobaqa bayrog‘i ko‘tarildi: vodiyda musobaqaning “D” guruhi vakillari hisoblangan Yangi Zelandiya, Liviya, Ispaniya va Qozog‘iston o‘z o‘yinlarini o‘tkazmoqda. Shuningdek, bu kunda Toshkentdagi “Humo Arena”da “S” guruhidagi Afg‘oniston, Angola, Argentina va Ukraina ham o‘zining ilk o‘yinlarini o‘tkazdi.

15-sentabr, yakshanba
“D” guruhi, 1-tur uchrashuvlari

Yangi Zelandiya — Liviya 1:3

Gollar: Xordi Ditford (40) — Muhammad Xamis (7), Muhammad Zrig (28), Firas Abuhoshim (40).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Muhammad Xamis (Liviya).

Yangi Zelandiya uchrashuvni dadil boshladi, ayniqsa, FIFAning boshqa bir musobaqasi — klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida professional futbolchi sifatida ham qatnashishga ulgurgan Dilan Manikum “kivilar” tarkibidagi eng xavfli o‘yinchilardan biri ekani ko‘rib turdi, ammo hisobni Liviya futzalchilari ochishdi: Muhammad Zrigning zarbasidan so‘ng zelandiyaliklar posboni Mixail Antamanov qaytargan to‘pni Xamis darvozaga to‘g‘rilab qo‘ydi.

Foto: FIFAFoto: FIFA

Ikkinchi taymda Zrig baribir maqsadiga erishdi, undan so‘ng esa Firas Abduhoshim joriy musobaqada gol urgan ilk darvozabonga aylandi. Faqat o‘yinning so‘nggi soniyalarida Ditford o‘z jamoasi uchun ovunchoq gol muallifiga aylandi.

Yangi Zelandiyani chorshanba kuni yana bir jiddiy sinov kutib turibdi — jamoa futzal grandlaridan biri hisoblangan Ispaniyaga qarshi maydonga chiqadi. Liviya esa Qozog‘iston bilan o‘ynaydi. Har ikkala o‘yin Andijondagi Universal sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.

Ispaniya — Qozog‘iston 1:1

Gollar: Xesus Gordilo (17) — Birjan O‘razov (1).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Igita (Qozog‘iston).

O‘yin 1:0 hisobi bilan boshlandi deyish ham mumkin — Qozog‘iston uchrashuvning 7-soniyasidayoq hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi: Duglasning pasidan so‘ng Birjan O‘razov to‘pni Ispaniya darvozasiga joylab qo‘ydi (FIFA ma’lumotiga ko‘ra, bu XXI asrda o‘tkazilgan futzal bo‘yicha jahon chempionatlari tarixida urilgan eng tezkor gol). Ammo shundan keyin qozoqlarning ishlari ko‘p ham yurishmadi — avvaliga Dauren Tursagulov ikki daqiqaga maydondan chetlatildi, tashabbus deyarli to‘liq Ispaniya tarafida bo‘ldi.

Ammo ispanlar bu ustunlikni hisobda to‘la aks ettira olmadi — faqat birinchi taym yakuniga arafasida Xesus Gordilo Qozog‘iston terma jamoasi posboni Igitani dog‘da qoldira olmadi. Qayd etish joiz, aynan Igitaning sharofati bilan Qozog‘iston bir ochkoni qo‘lga kiritdi — u o‘yin davomida 20 dan ortiq marta seyv ijro etdi.

Foto: FIFAFoto: FIFA

Qozoqlar 2-turda Liviyaga qarshi, Ispaniya esa Yangi Zelandiyaga qarshi o‘ynaydi. Har ikkala o‘yin Andijonda, 18-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.

“S” guruhi, 1-tur uchrashuvlari

Afg‘oniston — Angola 6:4

Gollar: Farzad Mahmudiy (2), Umid Qanbariy (7), Husayn Muhammadiy (10), Mahdi Navro‘ziy (14), Akbar Kozimiy (16), Rizo Husaynpur (40) — Javod Safariy (3, avtogol), Aderito (7, 36), Muhammad Murodiy (40, avtogol).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Akbar Kozimiy (Afg‘oniston).

Futzal bo‘yicha jahon chempionatining debyutanti hisoblangan Afg‘oniston (umuman, bu mamlakat 1948-yilda FIFAga qo‘shilgan bo‘lsa, shundan beri ilk bor FIFA turniri final bosqichida qatnashmoqda) musobaqani ishonchli g‘alaba bilan boshladi.

“Humo Arena”da, muxlislar qo‘llovi ostida o‘ynagan “Xuroson sherlari” bahsda 6 ta gol urdi, bunga angolaliklar faqat to‘rt bor javob qaytara oldi, xolos — shunda ham ikki gol afg‘onistonliklar hisobiga (avtogol sifatida) yozildi.

Afg‘onlar guruh bosqichi 2-turida 2016-yilgi jahon chempioni Argentina bilan o‘ynaydi, Angola esa Ukrainadan ochko olishga harakat qiladi.

Argentina — Ukraina 7:1

Gollar: Kevin Arriyeta (19, 32), Alan Brandi (19), Matias Rosa (21), Kristian Borruto (30, 40), Lukas Boli Alemano (38) — Petro Shoturma (18).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Nikolas Sarmiyento (Argentina).

Bir taym davomida Argentinaga hech bir imkon bermay, taym tugashiga ikki daqiqa qolganida hisobni ochishga-da muvaffaq bo‘lganiga qaramay, Ukraina bu muvaffaqiyatni biroz bo‘lsa-da saqlab qola olmadi. Oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas, Argentina 2:1 hisobida oldinda edi.

Ikkinchi bo‘limda Albiseleste yana beshta gol urdi — bu gollarning ikkitasi futzal tarixidan o‘rin olgan Kristian Borruto hisobiga yozildi: u braziliyalik afsonaviy futzalchi Falkaodan so‘ng beshta jahon chempionatida qatnashgan ikkinchi futbolchiga aylandi.

Navbatdagi o‘yinlar

16-sentabr, dushanba
“Ye” guruhi, 1-tur
17:30. Toshkent
Portugaliya — Panama

20:00. Toshkent
Tojikiston — Marokash

“F” guruhi, 1-tur
15:00. Buxoro
Eron — Venesuela

17:30. Buxoro
Gvatemala — Fransiya

Uchrashuvlarning chiptalarini onlayn sotib olish mumkin.